Mobil ilovalar sohasidagi 7 ta trend

  •   DiMaX
  •  2104
  •  22.04.2017 11:39

Mobil ilovalar sohasidagi 7 ta trend

Rossiyaliklar 2016 yili mobil o‘yinlar va ilovalarga 429 million  AQSh dollari miqdorida mablag‘ sarflashdi, deya xabar beradi Hi-Tech Mail.Ru. Katta miqdor, shundaymi? Yo‘q, unchalik emas. Bu – butun dunyo bo‘yicha olingan ko‘rsatkich – 61,8 milliard dollarning atigi yarim foizi, xolos!

Mazkur nashr App Annie tahlil kompaniyasining marketing bo‘yicha direktori El Kampa bilan suhbat uyushtirib, mobil o‘yinlarning ommalashuvi, ularga mablag‘ sarflanishi kabi masalalarni o‘rtaga tashlagan. Mutaxassisning fikricha, bu boradagi yettita asosiy trend quyidagilardan iborat.

Rossiyaliklar tobora ko‘proq smartfon va ilovalar xarid qilishmoqda

Ha, keyingi yillarda Rossiya va uning atrofidagi mamlakatlar faol tarzda smartfonlarga o‘tmoqda. App Annie tahlilchilari bergan ma’lumotlarga ko‘ra, 2016 yili Rossiya ilovalar eng ko‘p yuklab olingan mamlakatlar qatorida turadi. Telefon va ilovalar ishlab chiqaruvchilar bu kabi mamlakatlarda bozor o‘sishiga katta umid bilan qarashmoqda. Mobil ilovalar xaridorlarining yuqori beshtaligini esa Xitoy, AQSh, Yaponiya, Janubiy Koreya va Buyuk Britaniya egallagan.

«Hozirda dunyoda uch milliard dona smartfon ishlatilmoqda. Uch yildan keyin ularning soni ikki baravarga ko‘payadi, – deydi El Kampa. – Aholi soni esa deyarli 7 milliard. Amerika va Yevropada smartfonlar sonida o‘sish kam, chunki u yerlarda deyarli hammada allaqachon smartfon bor».

Yana uch milliard dona smartfon asosan Indoneziya, Braziliya, Hindiston va Rossiyada sotilishi kutilayotir.

Biz avvaldan tanish personajlarni yaxshi ko‘ramiz

Pokemon Go o‘yini 2016 yilning ramzlaridan biri bo‘ldi. Iyul oyidan ishqibozlar pikselli Pikachuni topish uchun butalar orasiga kirib ketishni, favvoralarga tushib ketish, chuqurlarga yiqilishni boshlashdi. Atigi uch oy mobaynida o‘yin 800 million dollar ishlab oldi! Odatda muvaffaqiyatli loyihalar bunday natijaga bir yildagina erishar edi. Mashhur Clash of Clans o‘yiniga bo‘lsa buning uchun naq 13 oy kerak bo‘lgan.

«Pokemon Go g‘alabasining ikkita omili mavjud, – deya izohlaydi El Kampa. – Birinchisi: eski va ko‘pchilikka qadrdon personajlar hozirgacha ommabop, kishilar ular bilan o‘ynashni istashadi. Ikkinchisi: to‘ldirilgan reallik va xaritadagi o‘yin texnologiyasi. Yana ijtimoiy omil ham bor – bu o‘yinni do‘stlar bilan birga o‘ynash mumkin».

Qahramonlar o‘lmaydilar, lekin bittagina nostalgiya – qo‘msash hissining o‘zi pul ishlab olish uchun yetarli bo‘lmaydi – o‘sha qahramonlarni zamonga moslab qayta jonlantirish kerak. Masalan, o‘tgan yilning oxirida pokemonlardan keyin Mario «qaytib keldi». Bu o‘yinni anchadan beri kutishardi, Super Mario Run relizidan keyin u ko‘chirib olishlar bo‘yicha yuqori cho‘qqilarni egalladi.

Fevralda bu o‘yinni 78 million kishi o‘rnatib oldi, ammo uni ishlab chiqqan Nintendo daromad kamligidan nolidi. Gap shundaki, Super Mario Run o‘yinida faqat birinchi bosqich bepul, qolganlari esa 10 dollar turar edi. O‘yinchilardan atigi 10 foizigina pul to‘lab keyingi bosqichlarga o‘tishdi, ya’ni o‘yin taxminan 7,5 million dollar daromad keltirdi.

Lekin shu raqamning o‘zi ham ko‘rsatib turibdi – qadrdon qahramonlarning qayta jonlantirilishi videoo‘yinlar industriyasida muvaffaqiyatga yetaklovchi omil ekan.

Virtual borliq ko‘pchilikka yoqmaydi

Facebook uch yil avval virtual borliq (virtual reallik – VR) bilan shug‘ullanuvchi Oculus startapiga ikki milliard dollar tikkan edi. Mark Sukerberg o‘shanda, «uydan chiqmasdan turib, shunchaki maxsus ko‘zoynakni taqqan holda sport musobaqalarini tribunadagi eng qulay o‘rinlardan virtual tomosha qilish, dunyoning istalgan burchagidan virtual darslarga qatnashish, doktor bilan shaxsan gaplashib konsultatsiya olish mumkin» bo‘lishini e’tirof etgan edi.

Ammo hozircha bularning barchasi uchun uydan chiqishga to‘g‘ri kelyapti. VR texnologiyasi bir shov-shuv bo‘ldi, hayratga soldi, lekin keyin judayam ko‘p savollar yuzaga keldi. Ko‘zoynaklar yordamida uchish va otish bir-ikki martagina qiziq tuyuladi, keyin-chi? Ko‘zoynakning o‘zi o‘ta beso‘naqay, yana ochig‘ini aytganda, haqiqiy borliq bilan virtual borliq orasida qolib biror huzur olish ham qiyin ekan.

Xullas, bu texnologiya hali takomillashtirishga muhtoj.

Kontaktsiz to‘lash ommaviylashmoqda

Qog‘oz pullar yo‘q, ammo amallayapmiz. Dastlab naqd pullarni plastik kartochkaga almashtirdik, endi esa biryo‘la mobil qurilma orqali to‘lashga ham o‘tib oldik. Kontaktsiz to‘lov texnologiyasi borasidagi shubhalar tarqab ketyapti, uning qulayligini tobora yaxshiroq anglab yetayotirmiz. To‘g‘ri-da, divandan qo‘zg‘almagan holda smartfonni olasiz, to‘lov ilovasini ochasi, kerakli ma’lumotlarni kiritasiz va tasdiqlaysiz – bo‘ldi! Samolyot yo poyezdga bilet sotib olasizmi, yo biror xizmat haqini to‘laysizmi – hammasi osonlashib bormoqda. Ham xaridorlar, ham sotuvchilar savdodan bunchalik rozi bo‘lishi – kam uchraydigan holat.

«O‘tgan yili Starbucks tarmog‘i ilova ichidagi to‘lov tizimi orqali milliardlab dollar ishlab oldi, – deydi El Kampa. – Mazkur texnologiya endi tezkor xizmat ko‘rsatuvchi restoranlarda yanada kengroq tarqaladi. Ehtimol, media va ko‘ngilochar xizmatlar industriyasida ham. Masalan, kinoga kirsangiz, o‘zingizga yoqqan o‘rindiqni egallab, bilet pulini to‘lasangiz – bu judayam qulay».

Ilovalardagi obunalarga o‘rganib qolyapmiz

Pul ishlashning eng tez o‘suvchi texnikasi televideniyedan nusxa olinmoqda. Ilovalar ishlab chiquvchilar Netflix va HBO kabi kabelli telekanallardan o‘rganib olib, o‘z dasturlariga obuna funksiyasini kiritishmoqda. Foydalanuvchi uchun bu qulayroq va osonroq. El Kampaning ta’kidlashicha, bu yerda gap ruhiyatda ekan: «Xarid qilish qarori apgreyd qilish – yangilash konsepsiyasidan farq qiladi. Deylik, o‘yin davomida siz kerakli personajni, artefaktni, xaritaning bir qismini sotib olishingiz kerak. Ya’ni, har gal xarid qilish uchun yangidan qaror qabul qilasiz. Obuna masalasida esa bir martagina qaror qilasiz, ammo har oy (yoki har yangilanishda) to‘lab boraverasiz. Biznes nuqtai nazaridan bu – foydalanuvchi xarid haqida bir marta qaror qabul qilganidan keyin, daromadning barqaror kelib turishi, demakdir».

Yana bir ommabop usuli – «freemium». Foydalanuvchi bepul versiyani xarid qiladi, keyin esa uning yanada ko‘proq imkoniyatlar bilan ishlashi uchun pul to‘lashi kerak bo‘ladi. «Kishilar pul evaziga egalik qilishni istashlari uchun ilovaning pulli versiyasida qandaydir betakror narsa bo‘lishi kerak. Lekin me’yor ham zarur – xuddi Super Mario Run’dagi kabi, ertadan 10 dollar so‘rab tursangiz, keyin kelajakda bu daromadni kattaytira olmaysiz», – deya ogohlantiradi Kampa.

O‘yinlar yaxshigina daromad keltiradi

Mobil o‘yinlar juda ko‘p, shu bois ishlab chiquvchilar sifatga ham zo‘r berishayotir. Raqobat shunday narsa – ularning har biri o‘ziga xos biror nima bilan auditoriyani o‘ziga jalb etishga urinadi. Evaziga yaxshigina daromad ko‘rishadi. Ishonasizmi-yo‘qmi, App Store va Google Play’dagi xaridlarning 81,5 foizini aynan o‘yinlar tashkil etadi!

Ilovalar xaridiga sarflanayotgan mablag‘lar yiliga 18 foizga o‘sib boradi. DFC Intelligence kompaniyasiga ko‘ra, 2021 yilga borib, sotiladigan videoo‘yinlarning yarmi mobil ko‘rinishda bo‘ladi. To‘lash osonroq, smartfonlar esa ko‘proq bo‘ladi. «Kishilar o‘yinlarni diqqat bilan tanlaydigan bo‘lishadi, ammo sotib olishga qaror qilish osonlashadi. Shu bois ham mobil o‘yinlardan keladigan daromad o‘sib boraveradi», deb hisoblaydi tahlilchi Devid Koul.

Google’ning smartfonlari, Apple’ning esa daromadi ko‘proq!

Google Play ilovalarni yuklab olishlar bo‘yicha App Store’ni ortda qoldiradi, biroq Apple do‘konidagi bitta ilova to‘rt baravar ko‘p daromad keltiradi. App Annie tahlilchilarining izoh berishicha, shunchaki iPhone va iPad egalari tez-tez va ko‘proq pul to‘lashga tayyorlar. Android’da ishlovchi smartfonlar miqdori juda ko‘p, lekin ular nisbatan arzonroq va asosan rivojlanayotgan mamlakatlarda keng tarqalgan.

Dunyodagi eng yirik Xitoy bozori – alohida masala. U yerda ilovalar marketlari 20 milliard dollar ishlab olganlar. Shunisi ham borki, «Osmon osti saltanati»da Google servislari senzuradan o‘ta olmay qolgan davrlardan buyon u yerda Apple’ning omadi kelgan. Android uchun tashkil etilgan muqobil ilova do‘konlari esa, hammasini qo‘shib hisoblaganda ham «Olma» bozoriga tenglasha olmaydi.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.