Motorola dunyodagi ilk 200MP kamerali smartfonni rasman taqdim qildi!

Motorola dunyodagi ilk 200MP kamerali smartfonni rasman taqdim qildi!

Avgust oyining 2-sanasida Motorola kompaniyasi Xitoyda o'zining 200MP kamerali smartfonini taqdim qilishi kutilayotgan edi, lekin ma'lum sabablarga ko'ra u 11-avgustga kechiktirildi. Bu orada Xiaomi kompaniyasi ham xuddi shunday katta o'lchamdagi kamerali smartfonini tayyorlayotgani mish-mish qilindi, ammo, baribir Motorola eng birinchi bo'ldi.

Bugun, 11-avgustda smartfonlar sanoatida muhim voqea yuz berdi. Xitoyda o'tkazilgan tadbirda Motorola 200MP kameraga ega dunyodagi ilk smartfon, Moto X30 Pro flagmanini taqdim qildi. Taqdimotda ma'lum qilinishicha, smartfon Samsung va Lenovo kompaniyalari mutaxassislari bilan birgalikda ishlab chiqarilgan bo'lib, unga Samsung tomonidan o'tgan yili taqdim qiligan ISOCELL HP1 sensori o'rnatilgan. 1/1.22 dyuymli ushbu kamera atrof-muhitga qarab piksellarni to'rtga bir yoki o'n oltiga bir holda birlashtira oladigan Chameleon Cell texnologiyasiga ega. Ushbu kamera hatto 30fps bilan 8K rezolyutsiyada ham video olish qobilyatiga ega. Bundan tashqari, smartfonda ikkita qo'shimcha kameralar ham mavjud: biri 117 gradusli, avtofokus bilan 2.5 santimetrdan makro surat olishni qo'llab-quvvatlaydigan 50MP ultra-keng linza bo'lsa, ikkichisi 2x optik zumga ega 12 megapiksellik telefoto. Selfi kamera ham diqqatga sazovor - 60MP.

Smartfoni dizayni taqdimotga qadar rasman ko'rsatilgan edi. Moto X30 Pro old va orqa tomonlarining yon taraflari egilgan bo'lib, uning qalinligi atigi 1.8 millimetrni tashkil qiladi. Orqasida uchlik kamera moduli, old ekrani yuqori markazida esa selfi kamera joylashgan. Telefonni yoqish tugmasi, ovoz boshqaruvchi tugmalar bilan birga uning o'ng tomoniga o'rnatilgan. Uning tagida esa karnay, USB-C porti va SIM karta sloti mavjud.

Smartfonning juda ingichka ramka bilan o'ralgan old ekrani 6.77 dyuymli, 144Hz yangilanish tezligiga ega, HDR10+ rezolyutsiyali OLED displey bilan ta'minlangan bo'lib, uning ostida barmoq izi skaneri ham bor. 

Kapot ostida smartfon Qualcomm'ning eng so'nggi rusumdagi Snapdragon 8+ Gen 1 chipseti bilan jihozlangan va u 8/12GB (LPDDR5) operativ, 128/256/512GB (UFS 3.1) ichki xotira bilan Anroid 12 ga asoslangan MYUI 4.0 qobig'ida ishlaydi. Uning 4,500 mA/s batareyasi esa 125 Vt tezlik bilan 7 daqiqada 50% yoki 19 daqiqada 100% zaryadlanadi. Bundan tashqari qurilma 50 Vt tezlikda simsiz quvvatlash mumkin. Aytish kerakki, smartfon atigi 8.9 mm qalinlikda bo'lib, uning og'irligi bor yo'g'i 197 grammni tashkil qiladi. 

Garchi Moto X30 Pro eng kuchli kamera, eng kuchli chipset, o'ta tezkor zaryadlash va boshqa yuqori darajali xususiyatlar bilan chiqarilgan bo'lsa ham u hamyoningizni "quritib" qo'ymaydi. Smartfon xotira modellariga qarab quyidagicha narxda sotuvga chiqarilgan:

8GB RAM + 128GB = 3,699 yuan (yoxud 549 dollar)

12GB RAM + 256GB = 4,199 yuan (yoxud 623 dollar)

12GB RAM + 512GB =  4,499 yuan (yoxud 668 dollar)

Afsuski, Moto X30 Pro hozirda faqat Xitoy bozori uchun chiqarilgan, lekin kelajakda u Moto X30 Ultra nomi ostida global bozorga chiqarilishi mumkin.

O'QING: Samsung rasman Galaxy Watch5 va Watch5 Pro soatlari taqdim qildi