Mulohaza: Ongni izmiga olayotgan ko‘rinmas balo

Mulohaza: Ongni izmiga olayotgan ko‘rinmas balo

Yangi ming yillik fuqarolarining aksariyati tongda uyg‘onishi bilan qo‘l cho‘zadigan ilk buyum -- smartfon. Uyquga ketishdan avval ham so‘nggi marotaba nazar tashlanadigan vosita shuhasizki, mobil gadjetlar hisoblanishadi. Bugungi haqiqatlardan biri shuki, inson real hayotdan uzilib internet olamiga qancha g‘arq bo‘lsa, o‘zini shuncha baxtsiz his qila boshlaydi. 

So‘nggi yillardagi izlanishlar mobil gadjetlarning jismoniy ta’siridan ko‘ra, ijtimoiy tarmoq va messenjerlarning ruhiy salomatlikka zararlari ko‘p ekanini ko‘rsatmoqda. Bu kabi tarmoqlar aksariyat insonlarni tushkunlik domiga g‘arq qiladi. Qolaversa, so‘nggi yillarda ulg‘ayib kelayotgan avlodning fe’lida odam madaniy mavjudotga aylanganidan so‘ng ko‘zga tashlanmagan odatlar namoyon bo‘lmoqda. 

"Layk"lashish, sharhlash, fikr bildirish, o‘qib borish, kuzatish, suhbatlashish zavqi barchani xalqaro miqyosidagi smartfon qaramligiga sabab bo‘lmoqda va bularning bari uchun ajratilayotgan vaqt ham tobora ortib bormoqda.

So‘nggi tadqiqotlardan ma’lum bo‘lishicha, bugungi internet-fuqarolari o‘z smartfonlarini 1 kun davomida kamida 150 marotaba tekshirib ko‘radilar. Bu ko‘rsatkichni Facebook tarmog‘i ham o‘z foydalanuvchilari misolida tasdiqlagan. Shuningdek, foydalanuvchilar smartfonlariga bir kunda 2,617 marotaba turli buyruqlarni beradilar.

Ijtimoiy media vositalarining inson ruhiyatiga ta’siri bilan birga, ularning inson vaqtini o‘g‘irlashi ham jiddiy xavf sifatida qayd etilmoqda.

Ijtimoiy medianing 5 ta xavfli ta’siri mavjud:

1. Sen o‘z hayotingni yashay olmayotganingni his qilasan.
Biz har gal ijtimoiy tarmoqqa kirganimizda tanishlarimiz yoki do‘stlarimizning qanday dam olayotgani, qayerda ovqatlanayotgani va qanday yashayotganigi ko‘rib, ruhiyatimizda o‘zimiz bilmagan holda hayotga nisbatan norozi kayfiyatni yig‘ib boramiz.

2. "O‘tkazib yuborish" vahimasi.
Tarmoqlarda tarqalayotgan uchrashuvlar, do‘stlar yig‘inlari, tadbirlar va ziyofatlarni o‘tkazib yuborishdan vahimaga tushish ham so‘nggi vaqtlarda ruhiyatga salbiy ta’sir kuchiga ega bo‘lib boryapti. Ijtimoiy tarmoqlar bois insondagi yangi davralar va yangi insonlar tomon shoshish istagi yanada kuchayib ketar ekan.

3. Jinoyatga moyillikning oshishi.
Jinoyat qilishga mayli bor insonlar virtual tarmoqda o‘zlarini tiyib turishlari qiyin bo‘ladi. Mavhum profillar yordamida amalga oshirilayotgan mayda virtual bezoriliklar kun kelib yirik kiber jinoyatga aylanishi mumkin. Qolaversa, g‘oyaviy zaharlanish ham virtual tarmoqning salbiy ta’sirlari sirasiga kiradi.

4. Shaxsiy ma’lumotlarning tarqalayotgani. 
Agar sevib qolgan bo‘lsangiz yoki darg‘azab kayfiyatda bo‘lsangiz, qayerda kim bilan va nima tanovul qilib o‘tiribsiz, qanday dam olyapsiz -- bundan butun dunyoni boxabar qilishga hojat yo‘q.

5. Xudbinlashib borish.
Uchrashuvlarda suratga tushib, ommaga e’lon qilish -- bosh maqsadga aylangan. Ijtimoiy tarmoqdagi har bir harakatimiz o‘zimizni oqlashga, sharhlashga qaratilgan. Instagram esa odamning o‘z-o‘ziga bo‘lgan muhabbatining oshishiga, narsissizmning kuchayishiga olib kelmoqda.
Qolaversa, ijtimoiy tarmoqlarning o‘zaro munosabatlarning avj olishi yoki buzilishidagi ta’siri ham oshib bormoqda.

Facebook ilk marotaba “Like” tugmasini joriy qilinganidan boshlab odamlarda e’tiborga bo‘lgan tashnalik ehtiyoji faqatgina oshib kelmoqda. Bu belgi 2007 yilda Jastin Rozenshteyn tomonidan yaratilgan. Va, The Guardian nashriga ko‘ra, Jastin yaqinda ijtimoiy tarmoqlarni tark etgan. "Ijtimoiy tarmoqning eng xavfli ta’siri shundaki, u hammani hamma vaqt chalg‘itadi", deydi Jastin.

Bugun "Silikon vodiysi" eshiklari nafaqat texnolog, dasturchilarga, balki ruhshunoslar uchun ham ochib qo‘yilgan. Boisi, bu kuchli ekspertlar IT-gigantlarga odamlar ongini egallab olish va ularga yaxshiroq ta’sir o‘tkazishga yordam beradilar. Natijada, Facebook, Google, Twitter, Instagram va boshqa tarmoqlar odamlarni o‘z onglarini boshqarish va nazorat qilish ko‘nikmasidan mahrum qilishga erishmoqdalar. Shunday ekan, ijtimoiy media vositalaridan me’yorida va o‘z o‘rnida foydalanishni unutmang. Axir hayot uni behuda sarflash uchun qisqalik qiladi.