Namanganda «Raqamli texnologiyalar markazi» tashkil etildi

  •   DiMaX
  •  620
  •  11.03.2019 11:02

Namanganda «Raqamli texnologiyalar markazi» tashkil etildi

Davlatimiz rahbari joriy yil 28 fevral – 1 mart kunlari Namangan viloyatiga tashrif chog‘ida bergan topshirig‘i asosida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan viloyatning barcha shahar va tumanlarida shunday markazlar tashkil qilish konsepsiyasi ishlab chiqildi. Bu to‘g‘rida O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar bergan.

O‘QING: Namanganda AKTni joriy etish sifati yanada oshiriladi

«O‘zbektelekom» AKning Namangan shahar telekommunikatsiya bog‘lamasi ma’muriy binosida respublikada birinchi bo‘lib tashkil etilgan «Raqamli texnologiyalar markazi» bu boradagi dastlabki amaliy qadamlardan bo‘ldi, deyiladi xabarda.

– «Raqamli texnologiyalar markazi»ni tashkil etishdan bir qator istiqbolli maqsadlar ko‘zda tutilgan, – dedi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi o‘rinbosari O.Umarov. – Jumladan, yoshlarga axborot texnologiyalari va elektron tijorat sohasida innovatsion tadbirkorlik asoslarini o‘rgatishdi. Shuningdek, tadbirkorlik sub’yektlari va aholi uchun axborot texnologiyalari bo‘yicha tayyorlov kurslarini tashkil etish, axborot va kompyuter texnologiyalari sohasida davlat organlari xodimlarining malakasini oshirish, kompyuter texnologiyalari, dasturlash, robototexnika va kibersport asoslarini o‘rgatish kabi masalalarga e’tibor qaratish ko‘zda tutilgan.

Markazda kompyuter sinflari, muzokaralar o‘tkazish xonasi, videokonferensaloqa studiyasi hamda markaz ma’muriyati uchun mo‘ljallangan xonalar bilan ta’minlandi. Yigirmadan ziyod kompyuter jamlanmalari bilan jihozlangan o‘quv xonalarida joriy yilning o‘zida ming nafardan ziyod yoshlar bepul o‘qitiladi.

O‘quv markazida IT–tadbirkorlikni va startap loyihalarini ishlab chiqishdan boshlab to uni tijoratlashtirish bosqichigacha bo‘lgan jarayonlar qo‘llab-quvvatlanadi. Bundan tashqari, markazda qo‘shimcha ravishda hokimliklar, davlat va xo‘jalik organlari, tadbirkorlik sub’yektlari hamda aholi uchun axborot texnologiyalari yo‘nalishida kunduzgi va kechki kurslarni tashkil etish rejalashtirilgan.

«Raqamli texnologiyalar markazi»ning ochilish marosimida davlat va jamoat tashkilotlari, ta’lim muassasalari vakillari, soha mutaxassislari ishtirok etdi.

O‘QING: Namanganda uyali telefonlar uchun aksessuarlar ishlab chiqariladi

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!