Nega Apple standart naushnik slotidan voz kechdi?

Nega Apple standart naushnik slotidan voz kechdi?

Shubhasiz, 2016 yilning sentyabr oyida taqdim etilgan Apple iPhone 7 va Apple iPhone 7 Plus jahondagi ko‘plab foydalanuvchilarni hayron qoldirdi. Kimdir uning imkoniyatlaridan hayratga tushsa, kimdir esa Apple qurilmalarini ayovsiz tanqid qildi. Umuman olganda, har ikkala holat uchun ham yetarlicha asos mavjud edi. Biroq, mazkur smartfonlardan standart 3,5 millimetrli naushnik slotining olib tashlanishi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida juda katta shov-shuvga sabab bo‘ldi.

Naushniklarni har qanday tovush manbaiga ulaydigan standart slotning yaratilganiga oz emas, ko‘p emas naq 150 yil bo‘lgan. Ammo Apple boshqa yirik kompaniyalar orasida birinchi bo‘lib ushbu standartdan voz kechishga jur’at qildi. Xo‘sh, nega Apple bunday qarorga keldi va buning oqibati qanday bo‘ladi? Ushbu savollarga BuzzFeed San Francisco jurnalining muharriri Jon Panchovski javob beradi.

Apple vitse-prezidenti Greg Josvik jilmaygan holda menga yangi ayfonlarda paydo bo‘lgan Lightning slotiga 3,5 millimertli naushniklarni ulashga xizmat qiladigan juda kichik adapterni ko‘rsatdi. Tan olaman, bu men ko‘rgan eng mitti Apple adapteri edi, deb yozadi Panchovski.

Apple bundan oldin ham mana shunday qaltis qadam tashlashdan qo‘rqmagan. Apple avvalroq periferiya qurilmalariga mo‘ljallangan kirish uyasini ham o‘z smartfonlaridan olib tashlagan edi. Ammo, bunday qaror o‘shanda mijozlarning jiddiy e’tiroziga sabab bo‘lgan edi. Axir, hamma ham periferiya gadjetini ayfonga ulash uchun 29 dollar turadigan adapterni sotib olgisi kelmasdi-da… Shunga qaramay, naushniklar slotidan voz kechish kutilmagan, o‘ylangan va juda katta tavakkal talab qiladigan qaror bo‘lganini ta’kidlash lozim. 3,5 millimetrli naushnik sloti nafaqat Apple’dan ham oldin, balki har qanday kompyuterdan ham uzoqroq tarixga ega. Ushbu standart butun boshli audio-industriya rivojiga katta hissa qo‘shganini aytib o‘tishning hojati yo‘q – buni hamma biladi. Shuning uchun keng miqyosda ommalashgan standartni inkor qilganda, unga muqobil boshqa texnologiyani yaratish juda muhimdir.

Kelajakda qariyb barcha texnologiya kompaniyalari 3,5 millimetrli audioslotdan voz kechishiga Apple`ning ishonchi komil. Bunga sabab smartfonlar sanoatidagi ko‘plab standartlarning bugunga kelib ancha eskirganidir.

“Audioslotning paydo bo‘lgani 100 yildan oshdi, u oxirgi marotaba bundan 50 yillar oldin o‘zgartirilgan edi. Shundan beri bu standartdan o‘zgarishsiz foydalanib kelishmoqda. Eski slot o‘tmishda qoldi, yangi texnologiyalar sari yuzlanishning vaqti keldi”, – deydi Josvik.

Biroq smartfondan tortib avtomobilgacha bo‘lgan barcha gadjetlarda ushbu shteker uchun slot ko‘zda tutilgan bir davrda, “hozir bo‘lmasa, unda qachon” degan fikr juda ham ishonarli argument bo‘lolmaydi, albatta.

Apple o‘z tarixi davomida keng tarqalgan standartlardan chekingan holatlar ko‘p bo‘lgan. Va aksariyat holatlarda kompaniya taklif qilgan yechimlar eski standartlarga qaraganda ko‘proq imkoniyatlarni taqdim qilgan, deb hisoblaydi nashr muharriri. Masalan, Apple iMac kompyuterlarida birinchilardan bo‘lib disketa slotidan voz kechganini eslash mumkin. Biroq 3,5 millimertli slotga qaraganda disketa standarti yanada kuchli takomillashuvlarni talab qilardi. Audioslot esa, undan farqli tarzda, to‘g‘ri ishlaydi va juda keng tarqalgan. Shuningdek, u analogli standart bo‘lgani bois ham turli kiber-hujumlardan himoyalangan. Xo‘sh, nega Apple mana shunday imkoniyatlarga ega standartdan qoniqmadi?

Apple muhandislaridan biri Den Rikkioning aytishicha, 3,5 millimetrli slot telefon korpusida ortiqcha joyni egallar edi. Ma’lumki, hozirgi smartfonlarda joy masalasiga jiddiy yondashiladi va korpusdagi har bir mikrondan samarali foydalanishga harakat qilinadi. IPhone 7 modeliga yanada takomillashgan kamerani o‘rnatish uchun esa ko‘proq joy zarur edi. Shuningdek, smartfon avtonomligi oshirish uchun batareyani kattalashtirish ham foydadan xoli bo‘lmasdi.

Tadqiqot natijasida Apple muhandislari 3,5 millimetrli slotni olib tashlash qanday imkoniyatlar keltirishini aniqlashdi:

  • Birinchidan, bu iPhone 7 modeliga Home tugmasining yanada yaxshi ishlashini ta’minlaydigan Tactic Engine moslamasini o‘rnatishni qulaylashtirdi. Ushbu texnologiya o‘ziga xos bildirishnomalarni hosil qilish uchun ham ishlatiladi (masalan, ekranni aylantirganda sahifani oxiriga yetganlikni bildirish uchun), shuningdek, Tactic Engine API dasturi dasturchilarga yanada ko‘proq funksiyalarni tatbiq etishga yordam beradi.
  • Ikkinchidan, smartfonga yanada yirikroq batareya o‘rnatish imkoniyati tug‘ildi. iPhone 7 modelining akkumulyatori avvalgi modelga qaraganda 14%ga kattaroq. Bu esa smartfondan qo‘shimcha ikki soat foydalanish imkoniyati beradi.
  • Uchinchidan, audioslotdan voz kechish yangi flagmanlarga IP67 himoya standartini qo‘llashga yo‘l ochdi.

Demak, ko‘rinib turganidek, standart naushnik slotidan chekinish smartfonlarning apparat qismini yanada takomillashtirish va yangi imkoniyatlarni qo‘shish uchun sharoit yaratadi. Hozirda tarqalgan mish-mishlarga qaraganda, ayfonlarning ashaddiy raqibi bo‘lgan keyingi Samsung smartfonlarida ham ushbu slot bo‘lmaydi. Simsiz davr boshlanadiganga o‘xshaydi. Xitoylik smartfon ishlab chiqaruvchilarning Apple`dan nusxa ko‘chirishi esa hech kimga sir emas.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!