Nega deputat berilgan eng so‘nggi rusumli kompyuterdan foydalanmay, o‘zining eski kompyuterini ishlatyapti?

  •   DiMaX
  •  1179
  •  29.03.2019 15:10

Nega deputat berilgan eng so‘nggi rusumli kompyuterdan foydalanmay, o‘zining eski kompyuterini ishlatyapti?

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev hamisha xalqning muammolarini o‘rganib, hal etishga imkon qadar yordam berib kelayotir. O‘zbekiston Milliy axborot agentligining yozishicha, u hatto o‘z xonasida ham ko‘p o‘tirmas ekan.

O‘QING: Shavkat Mirziyoyev deputatlarga ijtimoiy tarmoqlarda akkaunt ochishni buyurdi

Rasul Kusherbayev bir xonada to‘rt deputat bilan ishlaydi, ular turli fraksiya a’zolari bo‘lsalar-da, ammo bir qo‘mita deputatlari, deyiladi xabarda. R.Kusherbayev ertalabdan kechgacha xonada qamalib o‘tirmas ekan. Qo‘mitalar, fraksiyalarda muhokama qilinayotgan qonun loyihalarini maromiga yetkazishda faol qatnashmoqda.

Darvoqe, joriy yil avvalida deputatlarga eng so‘nggi rusumdagi kompyuter jamlanmasi berilibdi. Lekin R.Kusherbayev o‘zining eskiroq bo‘lsa-da, o‘rganib qolgan kompyuterini ham vaqtincha saqlab qolgan.

– Barcha hujjatlarim shunda. Ularni yangisiga olishga vaqt bo‘lmayapti, – deydi deputat.

R.Kusherbayev ish ko‘p bo‘lishiga qaramay, murojaatlarga ham vaqt ajratyapti.

– Haftasiga 20 dan ziyod murojaat keladi. Ularning eng ko‘pi uy-joy olish masalasida, – dedi R.Kusherbayev. – Yaqinda xorazmlik 300 nafar fermer murojaat qilgan edi. Shuni bir oydan buyon o‘rganayapmiz. O‘tgan yili suv yaxshi bo‘lmagani uchun paxta hosili rejadagidek bo‘lmagan. Lekin tegishli tashkilotlar bu haqida fermerlar bizga ogohlantirish bermagan, deb turib olishibdi. O‘rganishlar jarayonida fermerlarga qo‘llanilgan jarimaning asossiz ekani aniqlanib, hujjatlarni O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashiga yubordik.

Deputat murojaatlar orasida qonunchilikka takliflar, minnatdorlik xatlari borligini ham aytdi.

– Yana bir gap, – deydi Kusherbayev. – Ayrim o‘rinlarda fuqarolar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi barcha masalalarni hal etadi, deb o‘ylaydi. Biroq bizning vakolatga kirmaydigan masalalar ham talaygina.

O‘QING: EKSKLYuZIV VIDEO: Deputat iPad’ni namoyishkorona tepkiladi va boshqalarni ham shunday qilishga undadi!