Nega Note 8 premerasi Apple uchun navbatdagi bayram bo‘ldi?

Nega Note 8 premerasi Apple uchun navbatdagi bayram bo‘ldi?

Koreyalik gigant Galaxy Note 8'ni taqdim qilar ekan, bir haqiqatni unutgan ko‘rinadi -- bosh raqib bilan bellashish uchun avvalgi smartfonni klonlashtirishning o‘zi yetarli emas. 

  

23 avgustda bo‘lib o‘tgan taqdimot avvalida Note smartfonlari tarixiga oid bir nechta slayd namoyish qilindi. Ular orasida Galaxy Note 7'ning yo‘qligi barchaning e’tiborini tortdi. Ehtimol. kompaniya unga baxtsizlik keltirgan fabletni esga olgisi yo‘qdir. Balki, uni allaqachon unutishgandir.  

Biroq, taqdimot ssenariysi bu gal Apple'cha usulda ishlab chiqilgani yana ham diqqatga sazovor. Misol uchun, Note 8'dagi o‘ziga xos jihatlarni gapirib berish uchun sahnaga alohida mutaxassislar chiqdi. Bu usuldagi taqdimotni Stiv Jobs o‘ylab topgan. Ya’ni, Apple asoschisi mahsulotni yaratishda jonbozlik ko‘rsatgan eng yaxshi xodimlarni taklif qilgan.

Aksariyat ekspertlarning fikricha, Note 8'ning original jihatlari faqatgina Samsung uchungina yangilik edi.

Misol uchun, qo‘sh ob’yektivli kamera hozir ayfonda ham bor.

Surat yon tomonlarini g‘ira-shira effekti bilan olish ham allaqachon hamyonbop smartfonlarda ham o‘rnatilgan.

«Jonli SMS» – iMessage'dan farqi yo‘q.  

Ekranni blokirovkadan chiqarmay turib qayd qoldirish – buni o‘ziga xos g‘oya deyish mumkin.  

Hozircha shular. Ko‘pchilikning fikricha, kompaniya iPhone 8'ni "sindirish" uchun Samsung Galaxy Note 8'ni namoyish qilishga shoshmasligi kerak edi. Boisi, romsizlik va "nihoyasiz displey", shuningdek fabletning boshqa jihatlaridan biz allaqachon xabardor edik. Hamma koreyalik ishlab chiqaruvchidan biror original tashabbus kutgan edi. Hech bo‘lmasa, S Pen qalamchasi bilan bog‘liq ilg‘or dastur.  

Tan olish kerak, Note 8 – bu birmuncha qayta ishlangan va stilusga ega bo‘lgan S8+. Bu smartfonlar o‘rtasidagi farq – vaqt, ya’ni 5 oy xolos! Bu degani Samsung yarim yil ichida qo‘sh kamerani qo‘shish va qalamchani yutishga qodir kattaroq korpus yaratish kabi "mayda" ishlar bilan band bo‘lgan.  

Mana shu sabablardan ham 23 avgust kuni Kupertinoda "olma"chilar, ya’ni APPLE rahbariyatidan tortib, xodimlarigacha bayram qilishgan. Boisi, ashaddiy raqib bunday takroriy mahsulot bilan bozorda osongina mag‘lub bo‘lishini ular yaxshi bilishadi. Chunki, Stiv Jobs aytgani kabi, lider va mag‘lub o‘rtasidagi yagona farq -- innovatsiya. Biroq, xulosa qilmaymiz: jo‘jani kuzda sanaymiz!

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!