Nega rasmiy kafolatga ega telefonlarni xarid qilish kerak?

Nega rasmiy kafolatga ega telefonlarni xarid qilish kerak?

Kafolat xizmati haqida ozmi-ko‘pmi tushunchaga egamiz. Xo‘sh, nega aynan rasmiy kafolatga ega mahsulotlarni xarid qilishimiz kerak? Ayniqsa, maishiy texnika yoki telefon sotib olayotganda, tovarga kafolat xizmati taqdim etilishini tekshirish tavsiya etiladi. Chunki yuqori texnologiyalar asosida ishlab chiqarilgan texnik vositalarda agar biror nosozlik, zavod defekti yoki zarar aniqlansa, uni tez fursatda ta’mirlash oson kechmaydi.

Telefonlar misolida qaraydigan bo‘lsak, har bir ishlab chiqaruvchi ma’lum hududga qarab dasturiy ta’minot versiyasi yoki apparat ehtiyot qismlaridan foydalanishi mumkin. Agar siz xarid etgan telefonda biror nosozlik, shikast yoki zavod defekti aniqlansa, vaqtni o‘tkazmasdan ishlab chiqaruvchining servis markaziga murojaat qilishingiz kerak bo‘ladi.

Odatda, telefonlarga 1 yil kafolat xizmati taqdim etiladi. Mana shu bir yil ichida nosozlik agar ishlab chiqaruvchining aybi bilan yuzaga kelgan bo‘lsa, servis markaz mahsulotni bepul ta’mirlab (ba’zi holatlarda almashtirib) berishi talab etiladi. Aynan mana shuning uchun rasmiy kafolatga ega telefonlarni xarid qilish maslahat beriladi.

Biroq tovarga foydalanuvchining ehtiyotsizligi va aralashuvi tufayli mexanik zarar yetgan bo‘lsa, bunday holatlar kafolat xizmati bilan qoplanmaydi. Ammo servis markazida pullik xizmat ko‘rsatilishi mumkin. Aksariyat hollarda servis markazlar omborida zaruriy ehtiyot qismlar mavjud bo‘ladi. Shu bois agar mahsulot kafolatga ega  va aynan shu hududda sotilishga mo‘ljallangan bo‘lsa, uni ta’mirlash tez va oson amalga oshadi.

Hozirda smartfonlarning dasturiy ta’minotidagi funksiya va ilovalar ham mahsulot sotiladigan hududga qarab farqlanishi mumkin. Misol uchun siz, deylik, Janubiy Amerika bozori uchun chiqarilgan smartfonni xarid qilsangiz, albatta, uning dasturiy ta’minotida ma’lum kamchiliklar yoki ortiqcha dasturlar bo‘lishi mumkin (misol uchun o‘zbek va rus tillarining yo‘qligi, foydasiz ilovalarning o‘rnatishili va boshqalar).

Agar siz rasmiy kafolatga ega telefonni xarid qilsangiz, qutidagi kafolat taloni sotuvchi tomonidan to‘ldirilishi va unga tegishli muhr yoki shtamp bosilishi talab etiladi. Agar sotuvchi bunday qilmasa, demak, telefon rasmiy kafolatga ega emas. Bundan tashqari, sotuvchidan ishlab chiqaruvchining servis markazlariga qarashli ma’lumotlarni so‘rashni unutmang. Imkoni bo‘lsa servis markaziga qo‘ng‘iroq qilib, kafolat xizmatining amal qilishini tekshirishdan erinmang.

Xaridor va ishlab chiqaruvchi (yoki sotuvchi) orasidagi huquqiy munosabatlarni o‘rganing. Bunday qilish orqali mijoz va sotuvchi o‘rtasidagi majburiyatlarni bilib olasiz. Masalan, “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunni o‘rganib chiqishingiz mumkin.

Rasmiy kafolatga ega bo‘lgan mahsulotlarni xarid qilish kelgusida turli ko‘ngilsizliklarning oldini oladi. Ishlab chiqaruvchining xaridor oldidagi mas’uliyatini oshiradi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!