Nihoyat, ultra-hamyonbop Nokia 2 taqdim etildi! (+video)

  •   DiMaX
  •  2927
  •  31.10.2017 14:38

Nihoyat, ultra-hamyonbop Nokia 2 taqdim etildi! (+video)

HMD Global o‘zining yangi – Nokia 2 smartfonini taqdim etdi. Bu xususda kompaniyaning rasmiy saytida ma’lumot berilgan.

Nokia 2 – mazkur brendning o‘ta hamyonbop smartfoni bo‘lib, ishlab chiqaruvchining ta’kidlashicha, sig‘imdor akkumulyatori uning ikki kun quvvatlashsiz ishlashini ta’minlab beradi.

Yangi devaysga diagonali 5 dyuym bo‘lgan, HD sifatli (720x1280 pikselli) displey o‘rnatilgan. Uning asosiy kamerasi 8, selfi-kamerasi esa 5 megapikselli rasmlar olishga mo‘ljallangan. Gadjet to‘rt yadroli Qualcomm Snapdragon 212 protsessori bazasida ishlaydi. Uning xotirasi esa hamyonbopligiga yarasha: smartfon 1 gigabayt tezkor va 8 gigabayt ichki xotiraga ega. Ammo microSD formatli karta yordamida uning qo‘shimcha xotirasi hajmini 128 gigabaytgacha oshirish imkoni mavjud.

Biroq Nokia 2’ning batareyasi e’tiborga loyiq – naq 4100 mA/soat sig‘imga ega! Mana, quyidagi videorolikda ham uning asosan shu jihatiga urg‘u berilgan:

Nokia 2 ikkita SIM-karta bilan ishlay oladi, shuningdek, simsiz aloqaning 4G VoLTE, Wi-Fi (802.11 b/g/n), Bluetooth 4.1, GPS va GLONASS interfeyslarini qo‘llab-quvvatlaydi. Unda FM-radio hamda quloqchin uchun 3,5 millimetrlik tirqish mavjud.

Smartfon Android operatsion tizimining 7.1.1 Nougat talqini boshqaruvida ishlaydi. HMD Global’ning va’da qilishicha, u Android 8.0 Oreo talqinigacha yangilana oladi.

O‘QING: Nokia 2 – brendning eng arzon smartfoni uning eng katta xatosi bo‘lishi mumkin

Qurilmaning o‘lchamlari 143,5x71,3x9,3 millimetrga teng. Nokia 2 korpusi qora, oq va mis tusi berilgan qora ranglarda chiqariladi. U dunyo bozoriga 2017 yilning noyabridanoq taqdim etiladi. Yangi modelning narxi 99 yevro atrofida bo‘lishi aytilayotir.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!