Nimses – post va layklar uchun haq to‘lanadigan yangi ijtimoiy tarmoq! (+video)

  •   DiMaX
  •  1616
  •  08.06.2017 12:04

Nimses – post va layklar uchun haq to‘lanadigan yangi ijtimoiy tarmoq! (+video)

Nimses ijtimoiy tarmog‘i hali yaqindagina ishga tushirilgan, ammo u allaqachon joriy yilning eng jarangdor loyihasi nomiga munosib bo‘lgan.

Xo‘sh, nima o‘zi u?

Nimses’ning aynan nima ekanligi haqidagi savolga bir og‘izgina so‘z bilan javob berish osonmas.

Birinchidan, u – foydalanuvchilari o‘z fotosuratlarini joylashlari, layk qo‘yishlari va chatda muloqot qilishlari mumkin bo‘lgan ijtimoiy tarmoq. Nimasi bilandir Instagram’gayam o‘xshab ketadi.

Ikkinchidan, Nimses – tijorat loyihasi bo‘lib, unda har bir post va layk tarmoqning o‘z ichki valyutasida narxlanadi. Mazkur valyuta nim (nim) deb ataladi va bugungi kunda u taxminan bir AQSh sentiga tenglashtirilgan.

Uchinchidan, Nimses – o‘ziga xos falsafiy tizim hamdir. Uni anglab yetmasdan turib, tarmoqning mohiyatini tushunish qiyin bo‘ladi. Shu bois ham ishni loyihaga asos bo‘lgan g‘oya bilan tanishishdan boshlaymiz. Quyidagi videolavhaga e’tibor bering:

Vaqt – oliy qadriyat

Ha, aslida kishining asl boyligi uning qancha pulida, mulki borligida emas, balki qancha vaqti mavjudligidadir. Bu qadimiy haqiqat bo‘lib, ko‘pgina falsafiy nazariyalarda ham aks etgan. Biroq faqat Nimses tarmog‘idagina bu g‘oya haqiqiy in’ikosini topgan.

Bu ijtimoiy tarmoqda hamma narsa nim – o‘yin ichidagi valyutaga bog‘liq. Har bir nim hamisha sizning bir daqiqa vaqtingizga tengdir. Ya’ni, har bir ishtirokchining virtual hamyoniga har daqiqada bir nim berib boriladi. Bir kunda yashalgan 1440 daqiqa, ya’ni bir sutka uchun foydalanuvchining hisobi 1440 nimgacha to‘ldiriladi. Bu – bir kunlik kafolatlangan virtual daromad.

Layk va izohlar pulli!

Zo‘r-a, hech nima qilishning keragi yo‘q, valyuta o‘z-o‘zidan yig‘ilib boraveradi. Lekin boshqa tomoni ham bor – Nimses’da har bir harakat uchun pul to‘lashingiz kerak. Ha, anglaganingizdek, nim valyutasida to‘laysiz.

Yangi suratingizni tarmoqqa joylamoqchimisiz? O‘z hisobingizdan yuz nim to‘lab qo‘yasiz. Birorta chiroyli rasmga layk qo‘ysangiz yoki izoh yozsangiz – buning ham to‘lovi bor. Shunisi borki, bunda nimlar sizning hisobingizdan tizim foydasiga olib qo‘yilmaydi, balki bevosita o‘sha – siz munosabat bildirgan foydalanuvchining hisobiga o‘tkaziladi. Shu tariqa, qiziqarli kontentlar e’lon qilgan foydalanuvchilar tez orada boyib ketishadi, kontentdan faqat foydalanadiganlar esa – kambag‘allashib boraveradi. Tizimda «vaqt – kontent – nimlar» bog‘liqligi beg‘araz va adolatli ishlaydi.

Atrofingizda kimlar bor?

Nimses’ning yana bir o‘ziga xosligi – sizning ayni paytdagi joylashuv o‘rningizga bog‘liqlikdir. Ilova yangiliklar tasmasida foydalanuvchi faqat geografik jihatdan o‘ziga yaqinroqdagi kishilarning postlarini ko‘radi. Biroq qidiruv funksiyasidan foydalangan holda, dunyoning istalgan burchagidagi foydalanuvchini o‘z do‘stlari safiga qo‘shish imkoni ham bor.

Loyiha hali yangi bo‘lishiga qaramasdan, unda foydalanuvchilar ko‘p va ularning soni tezlikda o‘sib borayotir. Shu bois mazkur ijtimoiy tarmoqdan qiziqarli kishilar bilan tanishish uchun ham foydalansa bo‘ladi.

Nimaga sarflash mumkin?

Ha, ichki valyutaning joriy etilganligi Nimses’da vaqt o‘tkazishni yanada jonliroq va mantiqliroq qilgan. Ammo, foydalanuvchi virtual hamyoniga yuz minglab nim to‘plasa, uni nimaga sarflashi mumkin?

Loyiha ishlab chiquvchilarning va’da qilishlaricha, yaqin kelajakda nimlarga real hayotda, haqiqiy xaridlarni amalga oshirish mumkin bo‘ladi. Gap-so‘zlarga qaraganda, Kiyevda allaqachon qahva uchun nim valyutasida haq to‘lash mumkin bo‘lgan muassasa ishga tushgan. Balki bu reklama aksiyasidir, ammo Nimses yaratuvchilari keyinchalik chindan ham zo‘r ishlarga qo‘l urishlariga ko‘pchilik ishonmoqda.

Tez ommalashmoqda

Ayni damda esa Nimses xuddi virusdek keng tarqalib borayotir. Ilova Rossiya App Store do‘konida sanoqli kunlar ichidayoq bepul dasturlarning yuqori qatorlariga chiqib olgan. Google Play’da ham uning ommaviyligi muntazam oshib bormoqda.

Biroq ishlab chiquvchilar loyihaning bunchalar tez ommalashib ketishini kutmagan bo‘lsalar kerak – bunga tayyor emasliklari bilinib qolgan. Ya’ni, Nimses faoliyatida sal uzilishlar bo‘ib turadi, masalan – unga bir urinishdayoq a’zo bo‘lish qiyin.

Nimses – aftidan, keyingi paytlardagi eng g‘ayrioddiy loyiha bo‘lsa kerak. Unda kommunikatsiyalar, tijorat va falsafa shunchalik zo‘r aralashtirib yuborilganki, birini ikkinchisidan ajratish mushkul.

Agar bu yangi ijtimoiy tarmoq sizni qiziqtirib qo‘ygan bo‘lsa, uning ilovasini smartfoningizga o‘rnatib olib, foydalanib ko‘ring. iOS tizimli qurilmalar egalari mana bu, Android-devayslar sohiblari esa mana bu havola orqali Nimses’ni ko‘chirib olishlari mumkin. Tarmoq haqida batafsil ma’lumotni esa uning tegishli sahifasidan o‘qib olish imkoniyati mavjud.