Nokia 9 PureView fotoflagmani namoyish qilindi – besh modulli kameraga ega ilk smartfon!

  •   DiMaX
  •  1825
  •  25.02.2019 12:21

Nokia 9 PureView fotoflagmani namoyish qilindi – besh modulli kameraga ega ilk smartfon!

HMD Global kompaniyasi MWC 2019 ko‘rgazmasi doirasida besh ob’yektivli kameraga ega dunyodagi ilk smartfon – Nokia 9 PureView flagmanini taqdim etdi. Bu – bir yildan beri kutilayotgan namoyish, ammo qurilmaning o‘zi kutilganidek chiqmagan...

O‘QING: Afsonaviy brendning eng kutilayotgan flagmani Geekbench’da sharmanda bo‘ldi!

Ancha kechikkan flagman

Nokia 9 PureView fotoflagmani 5.99 dyuymlik P-OLED displeyga ega. Ekrani «kemtik»siz, romlari ham juda yupqa emas, tasvir aniqligi esa 2880x1440 pikselga teng. Displeyga barmoq izi skaneri integratsiya qilingan, korpusning old yuzasi Gorilla Glass 5 himoya shishasi (buyam eng so‘nggi versiyasi emas) bilan muhofazalangan.

Bultur HMD muhandislari Nokia 9 ustida ish boshlaganlarida, Qualcomm kompaniyasining eng ilg‘or protsessori Snapdragon 845 modeli edi. Flagmanning kamera algoritmlari ushbu chipga moslashtirilgan edi, shu bois uni eng so‘nggi va kuchli – Snapdragon 855 protsessoriga almashtirmay qo‘yaqolishgan.

Nokia 9 PureView faqat bitta versiyada – 6 gigabaytlik tezkor va 128 gigabaytlik doimiy xotira bilan chiqariladi. Yana uning korpusida microSD kartasi uchun joy ham ajratilmagan.

«Revolver» kamera, video va selfi imkoniyatlari

Xullasi kalom, uzoq kutilgan flagmanning bittagina ustun jihati – besh modulli bosh kamerasi bo‘lib qolyapti. Lekin uyam kutilganidan o‘zgacharoq bo‘lib chiqdi: barchasi 28 millimetrlik fokus masofasiga ega. Ya’ni, hech qanaqa optik zum yoki keng burchakli s’yomka degan narsa yo‘q. Barcha modullar 12 megapiksellik bo‘lib, f/1.82 aperturali ZEISS optikalari bilan ta’minlangan. Ulardan faqat ikkitasi rangli, qolgan uchtasi esa RGB-filtrsiz monoxrom sensorlardir.

Suratga olishda ularning barchasi bir vaqtning o‘zida ishlaydi, har biridan olingan tasvir yaxlit suratga birlashtiriladi va u o‘ta aniq bo‘lib chiqadi. Google Pixel smartfonlari kamerasi ham shunga o‘xshashroq tarzda ishlaydi, ammo ularda bitta yakka datchikning o‘zida olingan bir nechta kadr bir rasmga birlashtiriladi. Nokia 9 PureView kamerasining yangicha tizimini boshqarish uchun o‘n oltita «ko‘z»li Light L16 ijodkorlari tomonidan ishlab chiqilgan Light Lux Capacitor chipi qo‘llanadi.

O‘QING: 16 ta modulli bu g‘alati kamera fotografiyaning kelajagi

Shuningdek, Nokia 9 PureView olingan suratning o‘zida kadrning 1200 darajadagi chuqurligi haqidagi batafsil ma’lumotni saqlab qo‘ya oladi (boshqa aksariyat smartfonlarda esa 7–12 darajadagi chuqurlik haqida ma’lumot saqlanadi). Rasmlarni olinganidan keyin ham Google Photos ilovasida fokusni o‘zgartirish va orqa fonni xiralashtirish imkoni bo‘ladi. Adobe fotomuharrirlarida qulay qayta ishlash uchun RAW DNG usulida suratga olish mumkin, ammo bunda rasm juda sekin saqlanadi – 10 soniyagacha.

Smartfonni birlamchi sozlashda foydalanuvchiga Lightroom ilovasini yuklab olish taklif etiladi. Suratga olishning qo‘lda sozlanadigan rejimi ham bor. Qurilma shtativga mahkamlanganida u yangicha rejimga o‘tadi va yanada uzoqroq – 10 soniyagacha vaqt kutib turib suratga ola biladi.

Videoga tushirish imkoniyatlari borasida ham syurpriz yo‘q – soniyasiga 30 kadr tezligida 4K sifatli HDR-video olish imkoni bor.

20 megapiksellik old kamera foydalanuvchining yuzini tanish orqali smartfonni qulfdan chiqarish funksiyasiga ham ega. Yaxshi yoritilmagan sharoitda esa selfilar yaxshi chiqishi uchun undagi bir nechta piksellarni bitta qilib birlashtira oladi.

Yana nimalari bor?

Nokia 9 PureView metall romli korpusga ega bo‘lib, IP67 standartiga ko‘ra chang va suvdan himoyalangan. Orqa panel ham toblangan Gorilla Glass 5 shishasidan ishlangan, faqat ko‘k rangda ishlab chiqariladi. Korpusning o‘lchamlari 155x75x8 millimetrni tashkil etadi va u 172 gramm tosh bosadi.

Smartfonning avtonomligi uchun 3320 mA/soatlik akkumulyator mas’ul, unga tezkor hamda 10 vattlik simsiz quvvatlash texnologiyalari joriy etilgan. Ikki dvuxdiapazonli Wi-Fi, Bluetooth 5.0, GPS va NFC funksiyalari mavjud. Zamonaviy USB Type-C porti bor, quloqchin tirqishi esa yo‘q.

HMD Global kompaniyasi Android 9 Pie tizimli bu devaysini Android One dasturi doirasida taqdim etgan – yangilanishlarni u birinchilar qatorida qabul qiladi.

Nokia 9 PureView sotilish hududiga qarab 600–700 yevro narxida, ayrim mamlakatlarda mart oyidanoq savdoga chiqariladi. Nokia 8 Sirocco modeli kabi, bu fotoflagman ham cheklangan nusxada ishlab chiqariladi, kompaniya uning miqdorini ham ma’lum qilmagan.

Darvoqe, HMD Global ushbu tadbirda hamyonbop Nokia 4.2, Nokia 3.2, Nokia 1 Plus hamda Nokia 210 smartfonlarini ham namoyish etgan.

O‘QING: Nokia yana bitta afsonaviy telefonni «tiriltiryapti»!

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.