Nothing'ning ilk smartfoni qachon taqdim qilinishi rasman ma'lum qilindi!
Nothing (Hech narsa), OnePlus smartfon brendining asoschilaridan biri bo'lgan Karl Pey boshchiligidagi yangi startap o'zining ilk mobil qurilmasini 2022-yilning 12-iyul kuni Toshkent vaqti bilan 20:00 da taqdim qilishini rasman ma'lum qildi. Oddiygina phone (1) deb nomlanadigan yangi-brend smartfon Londonda bo'lib o'tadigan Nothing (event) – Return to Instinct tadbirida birinchi marta rasman ko'rsatiladi va, ha, albatta, taqdimotni kompaniyaning rasmiy veb-saytida jonli ko'rish ham mumkin bo'ladi.
Hozirgacha smartfonning ko'rinishi yoki texnik xususiyatlari rasman ma'lum qilinmagan, biroq, tahminlarga ko'ra, Nothing Phone 1 o'rta darajali telefon bo'lib, u Qualcomm'ning Snapdragon 7 Gen 1 chipseti bilan Android 12 operatsion tizimiga asoslangan Nothing OS qobig'ida ishlaydi va simsiz zaryadlanishni qo'llab-quvvatlaydi. Qurilma shaffof orqa panel, qayta ishlangan alyuminiy ramka va old tomonining yuqori markazida teshikli selfi kamera bilan ekran pastida "jag'siz" (qalin qora ramka chegarasisiz) dizayniga ega bo'ladi. Mish-mishlarga ko'ra smartfon €500 (6 million so'mga yaqin) narxda bo'ladi va 21-iyuldan sotuvga chiqariladi.
Nothing smartfoni kompaniyaning elektron mahsulotlari ekotizimini yaratish uchun navbatdagi qadam bo'ladi. Hozirda kompaniya sotuvida faqat o'tgan yili taqdim qilingan ear (1) simsiz quloqchinlari mavjud.
O'QING: Xiaomi 12 Ultra yuqori sifatli renderlarda namoyish etildi