«Odnoklassniki» o‘ta foydali bir funksiya bilan kuchaytirildi

  •   DiMaX
  •  2287
  •  18.12.2017 12:06

«Odnoklassniki» o‘ta foydali bir funksiya bilan kuchaytirildi

Garchi rossiyaliklarning «Odnoklassniki» ijtimoiy tarmog‘i Facebook va «VKontakte» kabilardan birmuncha orqada bo‘lsa ham, uning jamoasi o‘z mahsulotini ommalashtirish yo‘lidagi harakatlardan charchamayapti. Jumladan, ishlab chiquvchilar tarmoq foydalanuvchilari uchun yangi funksional imkoniyatlarni taqdim qilishda davom etayotir. «Odnoklassniki»ga kechagina qo‘shilgan yangi funksiya ham shular jumlasidandir.

O‘QING: «Odnoklassniki» orqali Rossiyaning «Birinchi» kanalidagi Yangi yil 2018 shousi uchun san’atkorlarni tanlashingiz mumkin

Yangi funksiya shundan iboratki, endilikda unda foydalanuvchilar multimediali kiritmalarga ega bo‘lgan, katta hajmli publikatsiyalar nashr eta oladilar. Bunda multimediali kiritmalar matnga shunchaki ilova qilib qo‘yilmasdan, shunday joylanadiki, kuzatuvchi ularni o‘sha yangilikni, maqolani yoki boshqa turdagi publikatsiyani o‘qish jarayonidayoq ko‘ra oladi. Yangi funksional imkoniyatni tatbiq etish uchun «Odnoklassniki» dasturchilari qaydlarning yangi shaklini ham ishlab chiqishgan. Bunaqa qaydlarni foydalanuvchi o‘z «devor»ida ham, guruhlarda yoki boshqa joylarda ham e’lon qilishi mumkin.

Ushbu yangi tur qaydlarga «O‘ziga xos shakl» («Sobstvennaya forma») deb nom berilgan. Ya’ni, muallif bunda yangi materialni o‘ziga ma’qul bo‘lgan biror shaklda yarata oladi. Mazkur funksiya tufayli «Odnoklassniki» foydalanuvchilari endi bitta publikatsiya doirasida avvaliga bir nechta suratlarni yuklashlari, keyin esa ular orasiga istalgan matnlarni joylashtirishlari mumkin.

O‘QING: «Odnoklassniki» ko‘rishlar sonini aks ettira boshladi

Shu tariqa, endi yangi publikatsiyalarni nafaqat matndan iborat tarzda, balki orasiga grafik materiallar ham kiritilgan qiziqarli shaklda taqdim etishlari imkoni yaratildi. Bu elementlarning barchasini o‘zaro o‘rinlarini almashtirish ham juda oson va qulay. Matnlar orasiga nafaqat fotosuratlar, balki videoroliklar, shuningdek GIF-animatsiyalarni ham joylash mumkin. Bu fayllarni kompyuterning «Ish stoli»dan yoki istalgan jilddan sichqoncha bilan ushlab, publikatsiya darchasiga olib kelish yo‘li bilan qo‘shadi.

Yangi funksiya barcha foydalanuvchilarga allaqachon kompyuterga mo‘ljallangan veb-versiya orqali taqdim etilgan. Rasmiy saytning mobil versiyasida hamda iOS hamda Android tizimlarida ishlatishga mo‘ljallangan ilovalarda esa bu imkoniyat shu yilning oxirigacha taqdim etilishi aytilmoqda.

O‘QING: "Odnoklassniki" kayfiyat ulashuvchi servisini ishga tushirdi

Dasturchilarning ta’kidlashlaricha, «Odnoklassniki»dagi yangi funksiya turli quvvatga ega bo‘lgan kompyuterlarda ishlashga moslangan. Shu bois ijtimoiy tarmoq rasmiy saytining to‘liq shaklini ochuvchi barcha kompyuter, noutbuk va planshetlarda «O‘ziga xos shakl» bir xilda yaxshi ishlashi aytilayotir. Shuningdek, yangi funksiya algoritmlari hatto internet tezligi past bo‘lgan sharoitda ham bemalol ishlaydigan tarzda tuzilgan.

Aytish kerakki, O‘zbekistonda «Odnoklassniki» ijtimoiy tarmog‘i a’zolari ko‘p, u ayniqsa yoshlar orasida ommalashgan. Demak, yurtdoshlarimiz tarmoqning yangi imkoniyatidan ham foydalanishlari mumkin.

O‘QING: “Odnoklassniki”dan foydalanish bo‘yicha O‘zbekiston to‘rtinchi o‘rinda

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!