OLED ekranli iPhone’larning chiqishi kichik yapon kompaniyasiga bog‘liq

OLED ekranli iPhone’larning chiqishi kichik yapon kompaniyasiga bog‘liq

Internet tarmog‘ida tarqalgan mish-mishlarga qaraganda, keyingi yildan boshlab AQShning Apple kompaniyasi  OLED ekranli iPhone’larni namoyish qilish mumkin. Bunday smartfonlarning chiqarilishi, deb yozmoqda 3D News, unchalik ham katta bo‘lmagan Canon Tokki nomli yapon firmasiga bog‘liq.

Gap shundaki, Yaponiyaning fototexnika ishlab chiqaradigan Canon konserni tarkibiga kiradigan mazkur kichik firma, OLED ekranlar tayyorlaydigan uskunalar bozorida yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi. Uning OLED ekran tayyorlaydigan bitta uskunasi taxminan 85 mln dollar narxida sotiladi. Shunday bo‘lsa-ham, kompaniya ikki yillik buyurtmalarga ega, boshqa mijozlar navbat kutmoqda.

Albatta, jahonda OLED ekran ishlab chiqarishga mo‘ljallangan uskunalar yaratadigan boshqa kompaniyalar ham bor. Biroq nashrning qayd etishicha, Canon Tokki texnologiya borasida ularning barchasini sezilarli darajada ortda qoldirgan. Firma bir necha yillardan buyon ushbu sohada faoliyat yuritib keladi.

Garchi Apple bunday ekranlar yetkazib berishda Samsung bilan hamkorlik qilish niyatida bo‘lsa-da, Janubiy Koreya kompaniyasi uskunalar yetishmasligi sababli talab etilgan buyurtmani ishlab chiqara olmasligi mumkin.