OnePlus 5T: kuchli Android-flagman ikki barobar arzon!

OnePlus 5T: kuchli Android-flagman ikki barobar arzon!

OnePlus 5 — jihatlarini narxiga taqqoslaydigan bo‘lsak, ko‘ngildagidek smartfon. Bugungi muhim trend — ramkadan xoli ekran joriy qilinmaganini hisobga olmasak, "qahramonimiz" bugungi flagmanlar bilan har jihatdan bellasha oladi. Shu bilan birga, iPhone X bilan raqobatga qilishga kirishgan "xitoylikda" Face ID texnologiyasi ham joriy qilingan.

Raqiblardan qolishmaslik uchun OnePlus kompaniyasi 2017 yilning noyabrdia takomillashgan model — OnePlus 5T'ni taqdim qildi. Smartfon yiriklashgan ekrani, yupqa romlari, ilg‘orlashgan kameralari, hamda OnePlus 5'niki kabi narxi bilan diqqatga sazovor. Quyida ayni paytda yurtimizda ham yaxshi sotilayotgan bu telefon bilan yaqindan tanishamiz.

 

Jihatlari
Displey:
6 dyuymli, 2.5D effektidagi Corning Gorilla Glass 5 shishasi bilan qoplangan;
Protsessor:
Snapdragon 835 — 8 yadro, 2,45 GGs chastotali;
Bosh kamera:
qo‘sh -- 20 Mp + 16 Mp, diafragma F1,7;
Old kamera:
16 Mp;
Xotira:
6 GB / 8 GB tezkor, 64 GB / 128 GB doimiy;
Akkumulyator:
3300 mA/ soat;
OT:
Android 7.1.1 Nougat'ning Oxygen OS talqini;
O‘lchami, vazni:
156,1x75x7,25 mm, 162 gramm.

Displey kattalashib, dizayn - klassik uslubda qolgan

OnePlus 5T'ning «ajdodi»dan farqi uning displeyi bo‘ldi. Ekran diagonali 5,5 dan 6 dyuymga kattalashdi. Bu displey yangi standart asosida ishlab chiqarilgan: tomonlar nisbati 18:9 va juda yupqa romlar bilan o‘rab olingan.

Old panelning 80,5% qismi ekrandan iborat. Ekran matritsasi Optic AMOLED texnologiyasi asosida tayyorlangan bo‘lib, uning piksellar sig‘imi — Full HD+, ya’ni 2160x1080 belgiga teng. Displey diagonali turkumga xos an’anaviylik -- 5,5 dyuymdan 6.1 dyuymga kattalashgan. Biroq, yupqa romlar evaziga smartfon korpusining hajmi deyarli o‘zgarishsiz qolgan.

Ekran yonlaridagi romning yupqalashgani bois, barmoq izlari skaneri orqa panelga ko‘chirilgan. Sensor klavishlar ham tubdan o‘zgarib, endi ekranda dasturiy tugmalarga aylantirilgan.

Barmoq izlari skanerining orqa panelda joylashuvi noqulaylik tug‘dirishini inobatga olib, OnePlus 5T'da gadjetni yuz-qiyofa orqali blokirovkadan chiqarish texnologiyasi joriy qilingan.

U 90 foiz holatda aniq ishlaydi. Old panelda buning alohida kamera mavjud emas. Old kameraning o‘zi qiyofani tekshiruvdan o‘tkazishga mo‘ljallangan.

Metall korpus stal bo‘yiga va eniga kattalashgani hisobiga avvalgi modelga nisbatan yangi modelning gavdasi yirik.

Alyuminiy korupsga o‘rnashgan displeyning yangilangani va barmoq skanerining orqaga ko‘chgani hisobga olinmasa, smartfon dizayni saqlab qolingan. OnePlus'ning bu yildagi ikkinchi smartfoni orqa paneldan jilosiz-qora korpusdagi iPhone 7 Plus'ni eslatib yuborsa hayron qolmang. Ularning qo‘sh kamerasi ham, logotip joylashuvi hamda antenna uloqlari ham bir xil. Biroq, 3,5 mm.li qadrdon audio quloqchin tuynugi saqlab qolingan.

Kompaniya qadoqda silikon chexolni sovg‘a qilgan.

 

«Yuzingiz - endi maxfiy kalit ...»

OnePlus kompaniyasi smartfon tizimiga kirishda Face Unlock deb nom olgan texnologiyani joriy qilmoqda. Bu Apple joriy qilgan hamda infra qizil nurli texnologiya orqali yuzning nuqta-belgilariga ko‘ra ishlaydigan, qiyofaning 3D-modelini ishlab chiqaradigan ilg‘or Face ID texnologiyasi emas. Face Unlock texnologiyasining ishlashi uchun old kameraning o‘zi kifoya qiladi.

OnePlus texnologiyasi smartfondagi ma’lumotlarni himoya qilishda yoki smartfon tizimini himoya qilishda foydalanish - maqsadga muvofiq emas. Sababi, smartfondagi bu texnologiya yuz bilan uning suratdagi aksini ajrata olmaydi. Face Unlock smartfonni blokirovkadan chiqarish uchun kerak. Bu texnologiya foydalanuvchiga qulaylik yaratish va smartfon tizimini oson ochish uchun tatbiq qilingan.

 

Kamera yanada ilg‘or

OnePlus mazkur gadjetni qo‘sh sensorli kameralar bilan ta’minlash barobarida, modullarni takomillashtirgan. OnePlus 5 modelida optik yaqinlashtirish bo‘lgan bo‘lsa, OnePlus 5T modelida 20 megapikselli kamera o‘rnatilgan, shu bilan birga, uning yorug‘lik taqsimotiga mas’ul moslamkasi ham ilg‘orlashgan - f1,7 standartli.

OnePlus 5T kamerasi aniqligi jihatidan avvalgilari bilan bir xil, ya’ni 20 va 16 Mp sig‘imli (Sony IMX398 va IMX376K), biroq ikkinchi kamera ob’yektiviga nisbatan ilg‘or f/1,7 diafragmasi o‘rnatilgan. Demak, smartfon yorug‘lik kam sharoitda ham yaxshi suratga olishni uddalaydi. Shuningdek, old kamera pikseli ham oshgan — 16 Mp.

Bosh kamerada har bir manzarani to‘rt marotaba olib, so‘ng ularni birlashtirish texnologiyasi joriy qilingan. Natijada, tungi sharoitda ham yaxshi surat olish imkoni hosil bo‘ladi. Optik yaqinlashtirish o‘rniga bu modelda nisbatan odmiroq raqamli yaqinlashtirish texnologiyasi joriy qilingan.

OnePlus 5 bilan taqqoslaganda suratlar sifati bir oz yaxshi: tungi sharoitda yaxshi suratga oladi, dinamik diapazon yuqori.

Ayniqsa, OnePlus 5T portret rejimida yaxshi ijod qiladi. Kamera texnologiyasidagi algoritmlar ob’yekt atrofidagi hududni yaxshi his qiladi va shunga ko‘ra orqa fonni xiralashtiradi.

Suratlar sifati bo‘yicha OnePlus 5T modeli Samsung Galaxy Note8 va  Google Pixel 2 kabi "ustasi faranglar" oldida xijolat tortsa ham,  iPhone 7 Plus yoki Sony Xperia XZ1 modellari bilan kuch sinasha oladi.

iPhone 8 Plus bilan solishtirganda esa «xitoylikning» detallarni aks ettirishda xato qilishini kuzatish mumkin.

Smartfon elektron barqarorlashtirgich yordamida 4K-sig‘imli videolar yoza oladi.

Smartfonda optik barqarorlashtirish funksiyasi bo‘lganida edi, tungi surat va tasvirlar yanada sifatli muhrlangan bo‘lar edi.

Quyidagi tasvirlarning sifatiga baho bering:

Kuchli platforma amalda o‘zini oqlaydi

Qualcomm Snapdragon 835 chipseti o‘rnatilgan OnePlus 5T sotuvga ikki talqinda chiqarilgan: 6 gigabaytli tezkor va 64 gigabaytli doimiy xotirali talqin yoki 8/128 gigabaytli talqin. Bu yerda tezkor xotira shunchaki marketing uchun. Aslida har qanday smartfon uchun 4 gigabaytli operativ xotira kifoya qiladi.

Aksariyat foydalanuvchilar uchun hozirgi vaqtda 64 gigabaytli talqin ayni muddao.

OnePlus 5T modeli AnTuTu benchmarkida 180621 ball to‘plagan. OnePlus 5 esa 181064 ball bilan ancha payt Android smartfonlar orasida yaqqol yetakchi bo‘lib yurgan. Misol uchun, Samsung Galaxy Note 8 bu testda 172576 ball to‘plagan.

Ayni paytda bu benchmarkda Qualcomm Snapdragon 835 chipseti o‘rnatilgan Xiaomi Mi 6 modeli samaradorlik bo‘yicha birinchi o‘rinda turibdi. U 184292 ball to‘plagan.

Umuman olganda, OnePlus 5T modelining ishlash samaradorligi yuqori. Foydalanuvchi har qanday ilova hamda o‘yinlardan mazkur smartfonda foydalanishi mumkin.

Ekspertlarning fikricha, smartfon korpusining changdan himoyalanmagani uning katta kamchiligi bo‘lishi mumkin. Qolaversa, qadoqdan olganda u Android 7.1.1 Nougat'ning Oxygen proshivkasida ishlaydi. Ya’ni, tizim xitoy yoki ingliz tilida bo‘lishi mumkin. Unga xalqaro, misol uchun, rus tili proshivkasini ham yuklab olish mumkin.  Bugun gadjetni Android 8.0 Oreo tizimiga yangilash ham boshlangan.

Batareya ikki kunga yetadi!

OnePlus 5T hayratda qoldirishda davom etadi. U bir marta quvvat olib uzoq "yashaydigan" devas.  To‘liq quvvat bilan ekranni maksimal darajada yoritib 12,5 soat video ko‘rish mumkin.

OnePlus 5T smartfonida elektr toki sig‘imi 3300 mA/ soat bo‘lgan akkumulyator o‘rnatilgan. Bu quvvat bilan smartfondan 2 kun mobaynida foydalanish mumkin.

Akkumulyator Dash Charge texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydi va 30 daqiqada bir kunga yetadigan quvvatni to‘play oladi, ya’ni quvvatini 60 foizga to‘ldiradi. Bir soatda esa quvvatni 95 foizga to‘ldirish mumkin. Buning uchun USB Type-C (USB 2.0) porti mavjud.

Samsung Galaxy S8+ flagmanlar orasida batareya, "kuch-quvvat" borasida yetakchi bo‘lsa ham, unda tok sig‘imi 3500 mA soat akkumulyator o‘rnatilganini unutmaslik lozim.

Hayratlanarli tomoni shundaki, $500 dollarlik smartfon ega bo‘lgan bu ilg‘or texnologiyani hattoki $1000 dollarlik iPhone X ham orzu qiladi.

Raqiblar

OnePlus 5T'ning narxi OnePlus 5 bilan deyarli bir xil — 499 dollardan boshlab (64 GB modeli). Aniqrog‘i o‘rtadagi farq 20 dollar.

OnePlus 5T ayni paytda rasmiy do‘konda ham $499 dollardan sotilmoqda. O‘zbekistonda uning bahosi o‘rtacha 550 AQSh dollari (6/64 Gb). Bu narxga u bilan bellasha oladigan smartfonlar qatoriga shisha korpusli ilg‘or Xiaomi Mi6 modelini aytish mumkin. Yoki imkoniyatlari yuqori hisoblangan Mi Mix (6/256 GB) ham xarid qilish mumkin. Ayni paytda bu modelni 4 650 000 so‘mdan xarid qilish mumkin. Samsung Galaxy S8 esa bir oz qimmat - 5 276 000 so‘m!

Samsung kompaniyasi taqdim qilgan qo‘sh kamerali va Infinity Display, 6 gigabaytli tezkor xotiraga ega Galaxy A8 + smartfoni ham raqib bo‘lishi mumkin. Bugun OnePlus 5T'ning eng yuqori talqini $560 dollardan sotilayotgan bo‘lsa, Galaxy A8 Plus esa $650 AQSh dollarga narxlangan. Narxlar g‘alati ko‘rinishi mumkin. Boisi, OnePlus 5T eng kuchli hisoblangan Snapdragon 835 rusumli "elektron yurakcha"ga ega.

O‘qing: Galaxy A8+ yoki OnePlus 5T: qay birini olsam ekan?

Terabayt.uz xulosasi

OnePlus kompaniyasi so‘nggi yillarda ishonchli va kuchli smartfon ishlab chiqarmoqda. Bu brend har yili bor-yo‘g‘i 2 ta modelni tadim qiladi. Bu modellar e’tibor bilan ishlab chiqariladi. OnePlus 5T — ana shu mehr-e’tiborning mevasi.

OnePlus 5T kuchli smartfon. Korpusning chang va suvdan himoya qilinmagani hisobga olinmasa, bu taniqli brendlarning kuchli devayslari bilan bellasha oladi. Gadjetda stereodinamiklar bo‘lmasa ham, kuchli kameralar bor.

Qolaversa, quvvatning uzoqqa yetishi, samaradorlikning yuqorili, narxning nisbatan arzonligi, operatsion tizimning qulayligi ham xaridorni xursand qiladi. Harqalay, kuchli flagmanni $150-$300 dollarga arzon xarid qilish mumkin!

Xulosa

Qaerdan sotib olish mumkin?

"Малика" 550 АҚШ доллари Sotib olish

 Afzalligi

 Kamchiligi

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.