OnePlus 5T yirik va romsiz ekranli flagman bo‘ladi

OnePlus 5T yirik va romsiz ekranli flagman bo‘ladi

2016 yilda OnePlus 3'ning "merosxo‘ri" bo‘lmish OnePlus 3T Xitoyning eng yaxshi sotilgan flagmanlari qatoridan o‘rin egalladi. Reytinglarda ham smartfon yaxshi natijalar qayd etgan va foydalanuvchilarning e’tirofiga sabab bo‘lgan.  

Joriy yilda taqdim qilingan OnePlus 5 smartfoniga nisbatan qiziqish ko‘p o‘tmasdan yuzaga kelgan ba’zi nosozliklar tufayli bir oz pasaydi. Biroq, flagman hanuz jahonning eng kuchli Android-flagmani nomini o‘zida saqlab turibdi. Uning davomchisi bo‘lishi kutilayotgan OnePlus 5T uning muvaffaqiyatini takrorlay olarmikan?

Yaqinda OnePlus 5T'ning taxminiy dizayni e’lon qilindi. Devays ko‘rinishidan iPhone 7 Plus flagmaniga qisman o‘xshab ketadi. Shu bilan birga, gadjet displeyi romsizligi bilan o‘ziga xos. OnePlus 5T renderlariga ko‘ra, smartfon yonlari yupqa romdan iborat. Suratdagi smartfon favqulodda nozik dizaynga ega. Ekspertlarning fikricha, flagman ichki platformasi OnePlus 5'niki bilan bir xil bo‘ladi.

OnePlus 5 imkoniyati jihatdan bugungi eng kuchli mobil aloqa vositalari qatorida turadi. 5.5 dyuymli FHD (1080 × 1920 pikselli) ekran 2.5D effektiga ega Gorilla Glass 5 qayrilma himoya shishasi bilan qoplangan. Ekran Optic AMOLED texnologiyasida ishlaydi. Yana bir yangilik — displey endi DCI-P3 rangli qamrovga ega, ya’ni raqamli kinoteatrlarga xos texnologiya rang-tasvirni yanada yorqin namoyish etadi. Darvoqe, xuddi shu texnologiya iPhone 7 va iPhone 7 Plus’da ham tatbiq qilingan.

Gadjet 64 bitli va 8 yadroli, 2.45 Ggs chastota tezligida ishlaydigan, 1 kristalli ilg‘or Snapdragon 835 protsessori bilan ta’minlangan. Smartfonning grafik-tasvirlarini qayta ishlash Adreno 540 videokartasi zimmasiga tushadi. Ishlab chiqaruvchining aytishicha, OnePlus 5 Android smartfonlar orasida eng tezkor ishlaydigan gadjet.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.