Ortga nazar: Galaxy A80 - aylanuvchi kamerali noyob smartfon

Ortga nazar: Galaxy A80 - aylanuvchi kamerali noyob smartfon

Xabaringiz bor, o‘tgan haftada Samsung kompaniyasi 2022 yil uchun o‘zining yangi Galaxy A33, A53 va A73 smartfonlarini taqdim etdi. A seriyada byudjet va o‘rta toifaga mansub smartfon bo‘ladi. Ushbu seriyaning ilk smartfoni Galaxy Alpha hisoblanadi. 

2019 yili ushbu seriyada noodatiy dizayndagi Galaxy A80 smartfoni taqdim etildi. Bu hozircha aylanuvchi kameraga ega bo‘lgan yagona Galaxy hisoblanadi. Keling, yaxshi smartfon bilan yaqindan tanishamiz. 

Bir necha yil oldin korpusdan sizib chiquvchi kameralar ommalashgan edi. Aylanuvchi kamera esa unga muqobil bo‘lishi kerak edi. Biroq ikkala yechimga bo‘lgan talab yo‘qolib borib, yumaloq tirqishli selfi kamera ommalashib ketdi. 

Hozir esa ayrim kompaniyalar selfi kamerani ekran ostiga joylashtirishni boshlashdi. 

Galaxy A80 modeli reklamalarda “Infinity Display“ (cheksiz displey) deya tasvirlandi. Yumaloq tirqishli selfi kamerali smartfonlar uchun Samsung “Infinity-O“, tomchisimon selfi kameralr uchun esa “Infinity-U“ so‘zidan foydalandi. Galaxy A80 haqiqiy “Infinity“dizayndagi smartfon, chunki panelida selfi kamera uchun hech qanday joy yoki tirqish yo‘q. 

Smartfon 6.7 dyuymli Super AMOLED displeyi bilan jihozlangan. Orqa paneldagi kamera moduli esa maxsus mexanizm orqali old tomonga aylanib o‘tishi mumkin edi. 

Aylanuvchi kameralarning sizib chiquvchi kameralardan farqi shunda ediki, undan ham asosiy, ham selfi kamera sifatida foydalanish mumkin. Bu esa yuqori sifatli selfi suratlarni taqdim etadi. 

Galaxy A80 modeliga 1/2.0 dyuymli sensorga ega bo‘lgan 48MP asosiy kamera o‘rntilgan. Shuningdek, asosiy kameraga qo‘shimcha 8MP ultrakeng va 3D ToF kameralari ham aylanuvchi mexanizmdan o‘rin olgan. Bu esa o‘z navbatida ajoyib selfi ultrakeng suratlarni ham taqdim etadi. 

Qurilma ekranosti optik barmoq izi skaneriga ega bo‘lgan birinchi Galaxy smartfonlaridan bo‘lgan. O‘sha vaqtdagi Galaxy S10 seriyasi esa ultra tovushli barmoq izi skaneri bilan jihozlangan. 

A80 modelida A70 kabi ekran qulfini yuz bilan ochish funksiyasi bo‘lmagan. Chunki kamera modulini aylantirib beruvchi mexanizm sekin ishlanganligi sabab ushbu funksiyadan voz kechilgan. 

Smartfon Snapdragon 730 chipida ishlaydi. O‘sha vaqt uchun Snapdragon 730 o‘rta toifaning kuchli chipsetlaridan bo‘lgan. Garfika uchun esa Adreno 618 grafik protsessori javob bergan. 

Smartfon flagman darajada emas, biroq odatiy o‘rta toifa smartfonlaridan yaxshiroq edi. Yuqori darajadagi displey va aylanuvchi kamera kabi xususiyatlar smartfonning narxini oshib ketishiga sabab bo‘lgan. Qurilma 730 dollar narxda sotuvga chiqqan. Uning narxi hatto ba’zi flagmanlarning narxidan-da qimmatroq bo‘lgan. 

Gadjet 25 vatt tezkor quvvatlash texnologiyasini qo‘llab-quvvatlagan. O‘sha vaqtda 25 vattda quvvat oluvchi Galaxy smartfonlari juda kam edi. Biroq akkumulyator hajmi biroz kichikroq - 3,700 mAs bo‘lgan. Taqqoslash uchun, hajm jihatidan A80 bilan teng bo‘lgan A70 modeli 4,500 mAs sig‘imli akkumulyator bilan jihozlangan. 

Galaxy A80'ning faqatgina 8/128GB xotiraga ega bo‘lgan turi sotuvga chiqarilgan. Eng qizig‘i, xotirani microSD kartasi bilan kengaytirishning imkoni bo‘lmagan, shuningdek, 3.5 mm audio jek ham smartfondan olib tashlangan. Uning “ukasi“ A70 modelida esa ham 3.5 mm audio jek, ham microSD uyasi bo‘lgan. 

Samsung qancha Galaxy A80 sotishga muvaffaq bo‘lganini ma’lum emas. Ammo shu ma’lumki, smartfon loyihasi o‘zini oqlamagan. Shuning uchun, keyingi yilda Samsung A80 loyihasini davom ettirishdan voz kechgan. Biroq ushbu model o‘zining noyob dizayni bilan Galaxy smartfonlari tarixidan o‘rin olgan. 

O‘QING: Tezkor quvvatlash texnologiyasi smartfonda kichikroq hajmdagi akkumulyator bo‘lishiga sabab bo‘’ladimi? 

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!