O‘zbekiston BMT reytingida jadal "raqamlashayotgan" mamlakat deb topildi

O‘zbekiston BMT reytingida jadal

Birlashgan Millatlar Tashkilotining axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha ixtisoslashgan bo‘linmasi hisoblangan Xalqaro elektraloqa ittifoqi an’anaviy ravishda mamlakatlarning axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirishga oid yillik reytingni e’lon qiladi. Mazkur reytingni shakllantirishda 3 ta bosh mezonlar guruhiga e’tibor qaratiladi: AKT infratuzilmasi, undan foydalanish ko‘rsatkichlari hamda aholining AKT-savodxonlik darajasi. 

Tunis Respublikasida o‘tayotgan Butunjahon telekommunikatsiya/AKT ko‘rsatkichlari 15-simpoziumi doirasida 15 noyabr kuni jahon mamlakatlarining axborotlashtirish sohasidagi ko‘rsatkichlari o‘rin olgan yangi reyting e’lon qilindi. Unda AKT ni rivojlantirish bo‘yicha 192 ta davlatda o‘tkazilgan o‘rganishlarning natijalari o‘rin olgan.

Tadqiqotlar asosida shakllantirilgan hisobotlarga ko‘ra, O‘zbekiston AKT ni rivojlantirish indeksida bu yil 8 o‘ringa ko‘tarilgan va hozirda 192 mamlakat orasida 95-o‘rinni egallab turibdi. Aytish joizki, 2016 yilda O‘zbekiston avvaliga 110-o‘rinni, Xalqaro elektraloqa ittifoqi tomonidan o‘tkazilgan qayta o‘rganishlar natijasida esa, 103-o‘rinni egallagan edi.

200 ga yaqin mamlakatlarning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi ma’murlari, yirik biznesmenlar, yetakchi olim hamda ekspertlar ishtirok etgan nufuzli forumda O‘zbekiston delegatsiyasiga Xalqaro elektraloqa ittifoqi tomonidan AKT ni jadal rivojlantirayotgan mamlakat sifatida maxsus sovrin hamda yillik ko‘rsatkichlar o‘rin olgan hisobot topshirildi.

Manbaa: Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Axborot xizmati