O‘zbekiston bo‘yicha UzCard ishlamay qoldi – plastik karta orqali to‘lovlar qilib bo‘lmaydi!

  •   DiMaX
  •  2212
  •  16.09.2018 09:27

O‘zbekiston bo‘yicha UzCard ishlamay qoldi – plastik karta orqali to‘lovlar qilib bo‘lmaydi!

15 sentyabr kuni kechga borib, O‘zbekistondagi katta supermarketlarda terminallar ishlamay qolgani uchun, odamlar arava-arava xaridlarini do‘konda qoldirib, chiqib ketayotgani haqida xabarlar paydo bo‘lgandi. Ma’lum bo‘lishicha, bu supermarketlar bilan bog‘liq muammo emas, balki UzCard faoliyatida vaqtinchalik texnik nosozliklar yuz bergan ekan, deya xabar beradi «Daryo» nashri.

O‘QING: UzCard barcha plastik karta egalarini Telegram’dagi firibgarlikdan ogohlantirmoqda

UzCard kompaniyasining rasmiy saytida e’lon qilingan bayonotida shunday deyiladi:

«Texnik nosozliklar munosabati bilan 15 sentyabr kuni soat 18:52 dan boshlab POS, E-POS terminallari va ATM-qurilmalari protsessing markazi bilan vaqtinchalik ulana olmayapti».

Bu degani — plastik kartangiz orqali vaqtincha hech narsa sotib ololmaysiz, degani. Kompaniya ma’muriyati buning uchun uzr so‘ragani holda, tizim qachon ishlab ketishi haqida biror ma’lumot bermagan.

Payme yoki Click’ga kirib, plastik kartangiz balansi 0 bo‘lib qolganini ko‘rib, qo‘rqib ketmang — bu ham UzCard bilan bog‘liq muammoning bir qismi. Payme kompaniyasining ma’lum qilishicha, «Yagona umumrespublika protsessing markazi faoliyatidagi texnik nosozlik munosabati bilan hozirgi vaqtda foydalanuvchi kabinetida pul mablag‘larining balansi vaqtincha noaniq ko‘rsatilmoqda».

UzCard yuzaga kelgan vaqtinchalik noqulayliklar uchun uzr so‘rab, kompaniya mutaxassislari tizim faoliyatini qayta tiklash uchun hozirda qo‘lidan kelgan barcha choralarni ishga solayotganini ma’lum qildi. Plastik kartalarimiz qachondan boshlab yana ishlay boshlashi haqida hozircha hech narsa deyilmagan.

Shuningdek, «O‘zbektelekom» aksionerlik kompaniyasi o‘z Telegram-kanali orqali chiqish qilib, UzCard tizimining ishida yuzaga kelgan uzilishga aloqasi yo‘qligini, kompaniyaning ma’lumot uzatish tarmog‘i odatdagidek ishlayotganini aytgan.

O‘QING: «Facebook tarmog‘iga ulanishdagi muammolarga «O‘zbektelekom"ning aloqasi yo‘q» — kompaniya

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!