O‘zbekistonda "aqlli universitet" paydo bo‘ladi!

O‘zbekistonda

Toshkent davlat pedagogika universitetida zamonaviy talablar darajasida “SMART(aqlli) universitet” joriy etiladi.  Universitet rektori Shavkat Sharipov va Informascope kompaniyasi boshqaruv direktori Quvanch Chinar ishtirokida mazkur loyihani amalga oshirish bo‘yicha muzokaralar bo‘lib o‘tgan. Mazkur loyiha oliy ta’lim muassasasining o‘quv, ilmiy va boshqaruv jarayonlarini axborotlashtirishga qaratilgan ma’lumotlar bazalarini, axborot tizimlarini yaratish, ulardan foydalanish, xizmatlar ko‘rsatish hamda boshqa axborot tizimlari bilan integratsiya qilinadigan oliy ta’lim muassasasining “SMART universitet” yagona platformasining asosiy tamoyillarini belgilab beradi. Bu xaqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Shuningdek, “SMART universitet”ni tashkil qilish uchun bir qancha vazifalar belgilab olingan. Xususan:

  • Universitetda foydalanishda bo‘lgan turli xil axborot tizimlari, kompyuter dasturlarini o‘zaro integratsiya qilish;
  • Foydalanuvchilarni yagona identifikatsiya tizim orqali, istalgan joydan universitet resurslaridan foydalanishlarini yo‘lga qo‘yish;
  • Bugungi kundagi qurilmalarga mos ilovalar yaratish evaziga mavjud tizimlardan, shuningdek axborot hamda o‘quv ta’limiy resurslardan foydalanish geografiyasini kengaytirish, foydalanuvchilarga qulaylik yaratish;
  • Talabalar bilimini nazorat qilishning avtomatlashgan tizimini joriy etish;
  • Bitiruv malakaviy ishlari, magistr PhD va DSc darajalarini olish uchun yozilgan dissertatsiyalarini, “plagiat”ga tekshirish avtomatlashtirilgan tizimini va birlamchi ma’lumotlar bazasini shakllantirish;
  • “SMART” texnologiyalardan foydalanish bo‘yicha professor-o‘qituvchilar va talabalar bilimlarini doimiy oshirib borish, yangi texnologiyalarni ta’lim jarayoniga joriy etish bo‘yicha “master-klasslar” tashkil qilish.

O‘tkazilgan muzokaralar yakunida Informascope kompaniyasi bilan loyihada zamonaviy texnologik yechimlar hamda texnik va dasturiy ma’lumotlar bilan ishtirok etish masalasi kelishib olingan. Toshkent davlat pedagogika universitetida “SMART universitet” elementlarini bosqichma-bosqich joriy etishga kirishildi.

Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, Turkiyaning Informascope kompaniyasi nashr ishlari, shuningdek, kutubxona mahsulotlari va xizmatlari ko‘rsatuvchi xorijiy yirik va yetakchi kompaniya sanaladi. U o‘zining ko‘p yillik tajribasiga tayanib, jahon miqyosida informatsion ehtiyojlarni qondirishga qaratilgan keng qamrovli va individual yechimlar ishlab chiqadi.

O‘QING: Kompaniya shu kungacha nima ishlar qildi? «O‘zbektelekom»ga savol bering!

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!