O‘zbekistonda ilk bor kraudfanding platformasi – Mfond.uz ishga tushirildi

  •   DiMaX
  •  1002
  •  05.10.2018 09:18

O‘zbekistonda ilk bor kraudfanding platformasi – Mfond.uz ishga tushirildi

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan yurtimizda ilk bor kraudfanding (xalq tomonidan moliyalash) platformasi Mfond.uz ishga tushirildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar bergan.

O‘QING: Ucell Education ta’lim portali ishga tushdi

Mfond.uz platformasi maktab rahbarlari uchun o‘quv muassasasining moddiy-texnik bazasini rivojlantirish uchun homiylik mablag‘larini jalb qilishga qaratilgan vosita hisoblanib, jalb qilingan mablag‘larni ishlatishda ochiqlik va hisobotliligini ta’minlab beradi.

Ushbu xayriya jamg‘armasi maktablarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun qo‘shimcha pul to‘plash hamda nogiron va kam ta’minlangan oilalar farzandlarini qo‘llab-quvvatlash va iqtidorli o‘quvchilarni rag‘batlantirish uchun sarflanadi.

Mfond homiylik platformasi orqali homiylar, ota-onalar, chet elda yashovchi vatandoshlarimiz, shu jumladan, maktabning sobiq o‘quvchilari maktablarga homiylik qilishlari mumkin. Mablag‘larni Payme, Upay, Click mahalliy to‘lov tizimlari va xalqaro Visa, MasterCard va boshqa xalqaro to‘lov tizimlari orqali o‘tkazish qulayliklari yaratilgan.

O‘QING: Yana robotlar: ular endi maktablarda muallimlik ham qilishmoqda

Ta’kidlash kerakki, homiylar mablag‘larni ma’lum bir maktab hisobiga yoki umumiy jamg‘arma hisobiga o‘tkazib berishlari mumkin.

Jamg‘arma hisobidan laboratoriyalar, aqlli sinflar va boshqa loyihalar yaratish, jihozlash, maktab infratuzilmasi, qolaversa o‘quvchilar va o‘qituvchilarning ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarini amalga oshirish hamda uni rivojlantirish uchun mablag‘lar yo‘naltiriladi.

Ushbu loyiha rahbari Rustam Karimjonov so‘zlariga ko‘ra: «O‘zbekistonda bugungi kunda 10 mingga yaqin maktab faoliyat yuritmoqda, ularning 60 foizini moddiy-texnika bazasi mustahkamlanishi kerak. O‘zbekistondagi maktablarning faqat 37 foizi kompyuter sinfiga ega bo‘lib, ularning 7 foizi Internet tarmog‘iga ulangan. Hukumatimiz tomonidan maktablarning infratuzilmasini yaxshilash uchun mablag‘lar ajratilmoqda. Ammo qisqa vaqt ichida belgilangan maqsadlarga erishish uchun homiylarni jalb qilish lozim bo‘ladi».

«Kraudfaunding tizimidan foydalangan holda, biz maktablardagi shart-sharoitlarni yaxshilash, farzandlarimizning ta’lim olishlari va har tomonlama rivojlanishlari uchun qulay sharoitlar yaratish bizning asosiy maqsadimizdir. Bu maktablar uchun bir vositadir. Mazkur platforma yordamida ular mablag‘larni jalb qilishda va sarf etishda shaffoflik va hisobotliligini ta’minlaydilar. Tizim to‘liq shaffof. Fondning ishini to‘liq oshkoraligini ta’minlash maqsadida muntazam ravishda olingan mablag‘lar va ulardan qanday foydalanilgani haqida ma’lumotlar berib boriladi», – dedi u.

«Biz barcha yurtdoshlarimizni farzandlarimizning ta’lim olishiga va ular uchun yorqin kelajak yaratishga o‘z hissalarini qo‘shishda befarq bo‘lmaslikka chaqiramiz», – deb ta’kidladi Karimjonov.

O‘QING: Xalq ta’limi vazirligi: "Facebook'dagi post bo‘yicha jinoiy ish ochildi"