O‘zbekistonda internet-trafik o‘g‘irlagan 20 yoshli «xaker»ga hukm o‘qildi

  •   DiMaX
  •  1955
  •  13.03.2019 09:22

O‘zbekistonda internet-trafik o‘g‘irlagan 20 yoshli «xaker»ga hukm o‘qildi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon shahar sudida o‘ziga tegishli kompyuter yordamida 24 nafar fuqaroning login va parolini buzib, internet trafiklaridan foydalangan 20 yoshli A.D.ga nisbatan sud hukmi o‘qildi. Bu haqda Jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudi sudya katta yordamchisi Komronshoh Rasulov xabariga asoslanib «Daryo» nashri yozgan.

O‘QING: Urganchda trafik o‘g‘risi ushlandi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon shahar sudi sudyasi Ulug‘bek Jo‘rayevning ma’lum qilishicha, 1998 yilda tug‘ilgan fuqaro A.D. 2016 yilning mart oyidan sentyabr oyiga qadar o‘zining kompyuteri yordamida Andijon shahri, Yorboshi mahallasida yashovchi 24 nafar fuqaroning login va parolini buzib, ularning internet trafigidan foydalangan va jami 4 million 471 ming so‘mlik megabaytlarni yashirin ravishda talon-taroj qilgan.

– Kollejni bitirish arafasida oliy ta’lim muassasasiga kirish uchun tayyorlanish maqsadida internetdan foydalanish zarurati tug‘ildi, – deydi sudlanuvchi A.D. – Avvaliga o‘zim trafik olib ishlatdim, biroq u hech qanchaga yetmadi. Keyin turli parollarni terib, birovlarning internet tizimiga ulanishga harakat qilib ko‘rdim. Natija berdi. Keyin hech kim bilmayapti deb, ulanishda davom etaverdim. Bu ishni yomon niyatda qilmaganman. Qilmishimdan pushaymonman, barchadan uzr so‘rayman.

Sud A.D.ni Jinoyat kodeksining 169-moddasi, 3-qismi «a» va «b» (takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan; kompyuter tizimiga ruxsatsiz kirib sodir etilgan o‘g‘rilik) bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topib, har oylik ish haqining o‘ttiz foizini davlat daromadiga ushlab qolish sharti bilan 2 yil 6 oy 18 kun muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.

O‘QING: Ucell’dan layfxak: internet-to‘plam xaridida 150 foizgacha tekin trafik olishingiz mumkin!

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.