O‘zbekistondagi ilk IT-maktab qabul imtihonini o‘tkazmoqda

  •   DiMaX
  •  2661
  •  21.10.2017 12:44

O‘zbekistondagi ilk IT-maktab qabul imtihonini o‘tkazmoqda

2017 yilning 21-22 oktyabr kunlari Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab 2017-2018 o‘quv yili uchun 5-sinfga kirish imtihonlarini o‘tkazadi. Bu xususda Toshkent shahridagi Inha universiteti sayti xabar bergan.

Ixtisoslashtirilgan maktab O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 14 sentyabrdagi qarori asosida tashkil etilgan. Ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchilari davlat umumiy o‘rta ta’lim standartlari asosida zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng jalb qilgan holda matematika, fizika, informatika va chet tili fanlarini chuqur o‘zlashtirishadi. Maktabning nizomiga ko‘ra, ta’lim o‘zbek tilida olib boriladi.

Ushbu qarorni bajarish uchun ixtisoslashgan maktab 5-sinfda o‘qish istagini bildirgan o‘quvchilardan 16 oktyabr kuniga qadar hujjatlar qabul qildi.

Kirish imtihonlarida qatnashish uchun 190 nafarga yaqin o‘quvchilar hujjat topshirishdi. Ular 21-22 oktyabr kunlari o‘tkazilayotgan kirish imtihonlaridan ishtirok etish huquqiga ega bo‘ldilar.

20 oktyabr kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Axborot kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab qabul komissiyasi va ota-onalar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Inha universiteti rektori Sarvar Babaxodjayev va komissiya a’zolari ota-onalarga imtihon qoidalari haqida ma’lumot berdilar.

Kirish imtihonlari Toshkent shahridagi Inha universitetida bo‘lib o‘tmoqda. Universitetda imtihon zali va ota-onalar uchun kutish hududi tayyorlandi.

Matematika bo‘yicha imtihon 21 oktyabr kuni, ingliz tili bo‘yicha imtihon esa 22 oktyabr kuni o‘tkaziladi. Imtihonlarning boshlanish vaqti – soat 10:00. Ishtirokchilarni ro‘yxatga olish soat 9:00 boshlanib, imtihon 45 daqiqa davom etadi.

Matematika va ingliz tili fanlaridan imtihonlar Toshkent shahridagi Inha universiteti xodimlari tomonidan, davlat tilida o‘tkazilmoqda.

Imtihonlarning ochiq va shaffofligini ta’minlash maqsadida universitet binosida ota-onalar kutish hududida imtihon jarayonlarini onlayn kuzatish yo‘lga qo‘yilgan.

O‘quvchilarning ota-onalari hamda barcha xohlovchilar universitetning Facebook’dagi https://www.facebook.com/inha.uz sahifasi orqali imtihon jarayonlarini onlayn kuzatib borishdi. Shu bilan birga imtihonlarning shaffofligini ta’minlash uchun bir guruh ota-onalar kuzatuvchi sifatida imtihon zaliga taklif etildilar.

Kirish imtihonlari yakunlariga ko‘ra, ixtisoslashtirilgan maktabning 5-sinfiga 60 nafar o‘quvchilar qabul qilinadi.