O‘zbekistondagi ilk osmono‘par bino qanday ko‘rinishda bo‘ladi?

O‘zbekistondagi ilk osmono‘par bino qanday ko‘rinishda bo‘ladi?

Poytaxtimizdagi "Hyatt Regency Tashkent" mehmonxonasida «TashkentCity» xalqaro ishbilarmonlik markazi hududida bunyod etilayotgan 50 qavatli binoning konsepsiyasi, dizayni va texnik xususiyatlari namoyish etilgan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi, deya yozmoqda UzA sayti.

Mazkur keng ko‘lamli loyiha bir vaqtning o‘zida ikkita qurilish kompaniyasi tomonidan amalga oshirilmoqda. Mamlakatimizdagi «Murad Buildings» kompaniyasi va Turkiyaning "Ozguven" qurilish kompaniyasi o‘rtasidagi yaqin hamkorlik yurtimiz iqlimining o‘ziga xos jihatlari, qurilish sanoatining so‘nggi tendensiyalarini hisobga olgani haqiqatan ham zamonaviy va texnologik loyihani amalga oshirish imkonini berdi. Yangi binoning konsepsiyasi va dizayni taqdimoti jarayonida «Murad Buildings» kompaniyasi asoschisi Murod Nazarov va "Ozguven" kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Orzur Ozgyuven loyihaning o‘ziga xos jihatlari haqida so‘zlab berdilar va bunyod etilayotgan osmono‘par binoning kompyuter modelini namoyish qildilar.

– Mana ikki yildirki, mazkur loyiha ustida g‘ayrat bilan ish olib boryapmiz va uni eng yaxshi qilib bunyod etishga harakat qilayapmiz, – deydi Murod Nazarov. – Biz ishonchli sherik sifatida "Ozguven" kompaniyasi bilan ishlayotganimizdan juda xursandmiz. Ushbu loyiha Toshkentning qoq markaziga munosib bo‘lgan zamonaviy va nostandart me’morchilik yechimlarining namunasi bo‘lishini istaymiz. Yangi bino mahalliy iqlim sharoitiga moslashtiriladi, shu bois, har qanday ob-havoda ham u qulay va shinam bo‘ladi. Ana shu maqsadda shisha sovuqni ham, issiqni ham tez o‘tkazganligi bois, loyihada shishadan eng kam darajada foydalanishga e’tibor qaratildi.

Osmono‘par binoning yong‘in xavfsizligini ta’minlovchi avtonom kompleks tizim alohida e’tiborga sazovor. Unda tezkor xabardor qilish bo‘yicha eng zamonaviy tizim hamda avtomatik tarzda yong‘inni o‘chirish tizimi mujassamlashgan. Tizim yong‘inni aniqlashi bilan avtomatik tarzda yong‘in o‘chog‘ida insonlar va hayvonlar uchun xavfsiz bo‘lgan, texnika va uskunalarga zarar yetkazmaydigan, biroq har qanday turdagi yong‘inni o‘chiradigan maxsus ko‘pikni chiqaradi.

– Loyiha ko‘plab novatorlik yechimlarini o‘z ichiga olgan, – deydi "Ozguven" kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Orzur Ozgyuven. – Biz Turkiya universitetlari professorlarini jalb qildik, ko‘plab boshqa mutaxassislar bilan maslahatlashdik. Ular ham me’morchilik, ham muhandislik nuqtai nazaridan puxta izlanishlar va loyihalashtirish ishlarini olib borishga yordam berdilar. Osmono‘par binolar qurilishida ularning shamolga bardoshliligi muhim muammolardan biriligicha qolmoqda. Biz bu borada barcha sinovlar, tajribalar va simulyasiyalarni o‘tkazdik. Ularda shamolning turli kuchi va yo‘nalishlari o‘rganildi.

O‘zbekistondagi ilk osmono‘par bino qurilishida qo‘llanilayotgan qurilish materiallarining hajmi ham uning nechog‘lik keng ko‘lamli va murakkabligidan dalolat beradi. Masalan, osmono‘par bino qurilishida M700 toifadagi granitdan ham mustahkam bo‘lgan beton ishlatiladi.

O‘zbekistondagi ilk osmono‘par binoning rasmiy nomi joriy yilning 15 avgustidan keyin e’lon qilinadi.

O‘QING: O‘zbekistonda seysmik hududlarni aniqlovchi ilk qurilma yaratildi