«Perviy kanal» (Rossiya) hamkorligida O‘zbekistonda yangi telekanal ish boshlaydi

«Perviy kanal» (Rossiya) hamkorligida O‘zbekistonda yangi telekanal ish boshlaydi

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Azim Axmedxadjayev Rossiya Federatsiyasi Aloqa va ommaviy kommunikatsiyalar vaziri o‘rinbosari Aleksey Volinni qabul qildi. Uchrashuvda Rossiya Federatsiyasi prezidentining Ishlar boshqarmasi hamda Butun Rossiya televizion va radiouzatish davlat kompaniyasi vakillari, shuningdek Rossiyaning «Rossiya Segodnya», «Perviy Kanal», «Rossiya24» telekanallari vakillari ishtirok etdilar.

Uchrashuvda ikkitomonlama aloqalarni kengaytirish, jumladan media aloqalarni rivojlantirish, xususan raqamli uzatish, texnoparklar faoliyati, raqamli iqtisodiyot va internet tarmoqlarini tartibga solish, AKT sohasi uchun kadrlar tayyorlash va boshqa istiqbolli yo‘nalishlarda hamkorlikni o‘rnatish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.

Xususan, Rossiya delegatsiyasi vakillari mamlakatning raqamli tezeuzatish tizimiga o‘tkazilishi haqida ma’lumot berdilar va mazkur raqamli platformada mobil televideniye faoliyatini yo‘lga qo‘yish fikrini ilgari surdilar.

Shuningdek, tomonlar Rossiyaning «Perviy kanal» AJ bilan birgalikda telekanal tashkil qilish masalasini ham muhokama qildilar. Ushbu telekanal rossiyalik rejissyorlarni jalb qilgan holda o‘zbekistonlik atoqli namoyandalar faoliyati, o‘zbek olimlarining jahon taraqqiyotidagi hissasiga bag‘ishlangan hujjatli film hamda dasturlar tayyorlashga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, tomonlar muntazam ravishda davlat organlarining Axborot xizmatlari uchun maxsus forum va seminarlar tashkil qilishni kelishib oldilar, mutaxassislar malakasini oshirish yuzasidan hamkorlikka doimo tayyor ekanliklarini ma’lum qildilar.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!