Prezident “xavfsiz shahar” qurish dasturini tasdiqladi

Prezident “xavfsiz shahar” qurish dasturini tasdiqladi

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining xabar berishicha,  O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti joriy yilning 29 avgust kuni "Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida loyihalarni boshqarish tizimlarini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi.

Qarorda "Uzinfocom" Markazi negizida davlat axborot tizimlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlashni amalga oshiruvchi Yagona integrator tashkil qilindi. U iqtisodiyot sohalari uchun "elektron hukumat" va axborot texnologiyalari mahsulotlarini ishlab chiqish va joriy qilish, axborot tizimlari hamda resurslarini integratsiya qilish, apparat-dasturiy ta’minot vositalari kompleksini yaratish, shuningdek tegishli loyiha va hujjatlarni tayyorlash bilan shug‘ullanadi.

Yagona integratorga telekommunikatsiya sohasida faoliyat yuritish va o‘quv kurslarini talab qilinadigan litsenziya va boshqa turdagi ruxsat beruvchi xususiyatidagi hujjatlarsiz, shu bilan birga qonunchilikda ko‘zda tutilgan talab va shartlarni inobatga olgan holda, amalga oshirishga ruxsat beriladi. Shuningdek, unga pudratchi va sub-pudratchi sifatida, eng yaxshi takliflar asosida xo‘jalik sub’yektlari bilan loyihalar va texnik hujjatlar, axborot tizimlari hamda resurslari, dasturiy ta’minot vositalarini tayyorlash bo‘yicha shartnoma tuzishga ham ruxsat beriladi.    

Davlat organlari va boshqa tashkilotlar Yagona integrator bilan loyihalar va texnik hujjatlar, axborot tizimlari hamda resurslari, dasturiy ta’minot vositalarini tayyorlash bo‘yicha tender (tanlov) savdolarisiz ham shartnoma tuzishlari mumkin bo‘ladi.  

Qarorga ko‘ra, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Axborot xavfsizligini ta’minlash markazining nomi "Axborot xavfsizligi va jamoat tartibini ta’minlashga ko‘maklashish markazi"ga o‘zgartirilib, uning oldiga axborot xavfsizligining zamonaviy tahdidlari bo‘yicha ma’lumotlarni to‘plash, tahlil qilish va jamlash, davlat organlari axborot tizimlari, resurslari va ma’lumotlar bazalariga noqonuniy kirishni bartaraf qilish, tashkiliy va texnik himoyalashni ta’minlaydigan tavsiya va takliflarni ishlab chiqish vazifasi qo‘yilgan.

Markaz telekommunikatsiya tarmoqlari operatorlari va provayderlari, huquqni muhofaza qilish organlari bilan axborot makonidagi buzg‘unchi xatti-harakatlarni aniqlash yuzasidan tahlillar o‘tkazish va qonunbuzarlarni aniqlash, ularga qarshi kurashish usullari hamda vositalarini ishlab chiqishda hamkorlik qiladi.   

Qaror asosida, shuningdek, "Xavfsiz shahar" apparat-dasturiy kompleksini bosqichma-bosqich yaratish dasturi qabul qilindi. "Xavfsiz shahar" apparat-dasturiy kompleksini amalga oshirishni muvofiqlashtiruvchi Komissiya tuzilib, uning oldiga davlat organlari va ularning muassasalari tomonidan "Xavfsiz shahar" kompleksi loyihasini keng miqyosida, o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishini tizimli muvofiqlashtirish vazifasi yuklatilgan.

Shu bilan birga, qarorga asosan, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziriga "Xavfsiz shahar" kompleksini yaratish bo‘yicha loyihani o‘z vaqtida va keng miqyosida, sifatli amalga oshirishga mas’ul o‘rinbosar lavozimi joriy qilinadi.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!