Putin “ko‘k kit” va “o‘lim guruhlari”ga qarshi qonunni imzoladi

Putin “ko‘k kit” va “o‘lim guruhlari”ga qarshi qonunni imzoladi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin internet tarmog‘ida voyaga yetmaganlarni suiqasdga undaydigan “o‘lim guruh”larini tashkil qilganlik uchun jinoiy javobgarlik to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Hujjat rasmiy me’yoriy hujjatlar portalida e’lon qilingan.

Bir muddat avval Rossiya rahbari internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlar orqali bolalarni o‘limga undaganlarga nisbatan jazo choralarini kuchaytirish taklifini qo‘llab-quvvatlagan edi. Prezident o‘z joniga qasd qilishni targ‘ib qiluvchi sayt egalarini ham jinoyatchi qatoriga qo‘shish kerakligini ta’kidlagan.

Qonunga ko‘ra, o‘z joniga qasd qilishni targ‘ib qilish, joniga qasd qilishga undash va bu yo‘lda tahdid o‘tkazish, qo‘pol muomala qilish yoki muntazam ravishda inson qad-qimmatini yerga urishga uringanlarga nisbatan jinoiy javobgarlik keskinlashadi. Jumladan, bu kabi xatti-harakatlarni amalga oshirganlar 6 yilga qamoq jazosiga hukm qilinadi. Ayni paytgacha buning uchun 5 yil qamoq jazosi berilgan.

Bu kabi tahdidlar voyaga yetmaganlar va homilador ayollarga nisbatan amalga oshirilgan taqdirda, jinoyatchi 8 yilga ozodlikdan mahrum qilinadi. Kuchaytirilgan jazo choralari til biriktirgan guruhlarga, shuningdek OAV yoki internetda o‘z joniga qasd qilishga undovchi chaqiriqlar qoldirgan shaxslarga nisbatan ham qo‘llaniladi.

Bir vaqtning o‘zida, Rossiya “Jinoyat kodeksi” unatish, aldov va tuhmatlardan foydalanish, o‘z joniga qasd qilish to‘g‘risida taklif va ma’lumotlar berish hamda rag‘batlantirish yo‘llari bilan o‘limga boshlash bilan bog‘liq yangi jinoyat turlari bilan boyitiladi. Buning uchun jinoyatchilarga 2 yildan 4 yilgacha qamoq jazosi belgilangan.

Shuningdek, qonun bolalarni oqim yuqori bo‘lgan transport yo‘lini kesib o‘tishga va baland bino tomlarida yurishga, “Yugur yoki halok bo‘l” kabi virtual o‘yinlarga jalb qilish bilan shug‘ullanadiganlarni ham ta’qib ostiga oladi.