Qanday qilib kompyuterda Instagram uchun qorong'i rejimni yoqish mumkin?

Qanday qilib kompyuterda Instagram uchun qorong'i rejimni yoqish mumkin?

Kompyuter yoki smartfon egalarining juda ko'pchiligi o'z qurilmalari qorong'i rejimdan foydalanishni yoqtirishadi, chunki bunda ko'zlar kamroq charchaydi va qurilma quvvati biroz bo'lsada kamroq sarflanadi. Biroq, ushbu oddiy, lekin foydali xususiyat hali ham ba'zi katta platformalarda, masalan, Instagram'da mavjud emas.

Instagram eng mashhur ijtimoiy tarmoqlardan biri bo'lib, O'zbekistonda uning 3 millionga yaqin foydalanuvchilari bor. Siz smartfoningizdagi Instagram ilovasida sozlamalar orqali osongina qorong'i rejimni yoqishingiz mumkin, lekin kompyuterda buning iloji yo'q. Ta'kidlash joizki, kompyuter uchun Instagram dasturi yo'q, unga faqat veb-brauzer orqali kirish mumkin. Instagram'ga kompyuter orqali kirishning ajoyib tomoni shundaki, siz unda hech qanday reklamalar ko'rmaysiz. Qo'shimchasiga lentangiz ham xronologik tarzda tartiblangan bo'ladi va unda tavsiya postlar ham bo'lmaydi.

Shunday qilib, Instagram'ga kompyuterda Chrome yoki boshqa brauzer orqali kirganingizda siz uni quyidagicha usul bilan bilan qorong'i rejimga o'tkazishingiz mumkin:

Maxsus URL manzilidan foydalaning

Instagram'ni qorong'i rejimda ochishning eng oson yo'li - bu rasmiy URL manzilga ?theme=dark qo'shimchasini qo'shishdir. Bunda URL manzili quyidagicha ko'rinishga keladi:

www.instagram.com/?theme=dark

Ushbu URL manzilni brauzerga kiritishingiz bilan Instagram sahifasi to'liq qorong'i rejimda ochila boshlaydi. Agar ortga qaytishni istasangiz shunchaki qo'shimchani olib tashlang va instagram.com saytiga o'ting.

Instagram'ga har doim kirganingizda qorong'i rejimga o'tish uchun ?theme=dark qo'shaverish joningizga tegishi mumkin. Shuning uchun, sizga www.instagram.com/?theme=dark manzilini sevimli saytlaringiz qatoriga qo'shib qo'yishingiz, ya'ni xatcho'p qilib qo'yishingiz tavsiya qilinadi. Shunda birgina klik bilan qorong'i rejimdagi Instagram veb-saytidan foydalanishingiz mumkin.

Albatta, Chrome Flag sozlamalarini o'zgartirish yoki brauzerga qo'shimcha kengaytmalar qo'shish orqali ham Instagram'ni qorong'i rejimda ochishingiz mumkin, ammo, bular brauzeringizning ishlashiga salbiy ta'sir qilishi yoxud sekinlashib qolishiga sabab bo'lishi mumkin.

O'QING: O‘zbekistonda yil oxirigacha milliy ijtimoiy tarmoq chiqarilishi mumkin

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.