Qarshi oling: Samsung Galaxy Note X – mutlaqo romsiz ekranida barmoq izi skanerli smartfon!

  •   DiMaX
  •  3370
  •  11.09.2018 17:07

Qarshi oling: Samsung Galaxy Note X – mutlaqo romsiz ekranida barmoq izi skanerli smartfon!

Janubiy koreyalik korporatsiya bu yilning o‘zida uchta ilg‘or smartfon – Galaxy S9, Galaxy S9+ hamda Galaxy Note 9 modellarini taqdim etdi. Ularning uchalasi ham kuchli texnik ta’minotga ega, lekin ayrim Xitoy smartfonlariga joriy etilayotgan innovatsion yechimlardan, yangicha texnologiyalardan benasib qolgan.

O‘QING: Samsung Galaxy S10’ning uchta modelida ham daktiloskopik datchik ekranning o‘ziga joylanadi!

Lekin Samsung kompaniyasi zimdan ish ko‘rib, allaqachon umuman romsiz ekranga hamda displeyning o‘ziga integratsiyalangan daktiloskopik datchikka ega Galaxy Note X fabletini tayyorlayotgan ekan! Bu haqda The Investor nashri bugun – 11 sentyabrda xabar tarqatib, yangi gadjetning suratini ham e’lon qildi.

Unga ko‘ra, Samsung Galaxy Note X korpus old yuzasining 98 foiz qismini displey egallaydi. Super AMOLED texnologiyasi bo‘yicha ishlangan ekranning tepa qismidagi «o‘yiq»da barcha kerakli datchiklar joylangan. Displeyning atrofida esa umuman rom degan narsaning o‘zi yo‘q!

Galaxy Note X smartfonining displeyiga integratsiya qilingan barmoq izi skaneri Qualcomm kompaniyasining ishlanmasi bo‘lib, ultratovush asosida ishlaydi. Buning evaziga daktiloskopik modul hatto namli yoki yog‘li holdagi barmoqning izini ham aniqlay oladi.

O‘QING: Qualcomm barmoq izini skanerlashning mutlaqo yangi texnologiyasini yaratdi

Shuningdek, ushbu fabletda S Pen stilusi ham yangilangan va bir qator funksiyalar bilan boyitilgan. Masalan, stilusni pidjakning tashqi ko‘krak cho‘ntagiga xuddi oddiy ruchkadek joylab qo‘yib, mikrofon tarzida ishlatsa bo‘ladi.

Xabarga ko‘ra, Samsung Galaxy Note X telefonining boshlang‘ich versiyasi 128, ilg‘or versiyasi esa 512 gigabaytlik doimiy xotiraga ega. Android Pie operatsion tizim talqiniga ega ushbu smartfon korpusi Corning Gorilla Glass 6 himoya shishasidan tayyorlanadi. IP68 standartiga ko‘ra muhofazalanganligi bois u 2 metrgacha suv ostida ham ishlay oladi.

Afsuski, Galaxy Note X smartfonining rasmiy taqdimotiga hali salkam bir yil vaqt bor – Samsung uni 2019 yilning avgustida namoyish etadi. Biroq janubiy koreyalik texnogigantning aksariyat mobil telefonlarini O‘zbekistonning istalgan joyidan onlayn xarid qilishingiz va bunda hadyaga ham ega bo‘lishingiz mumkin.

O‘QING: Samsung smartfonlarini Terashop.uz’dan xarid qiling va SD-kartani sovg‘aga oling! (2018 yil 31 avgust)