Qayrilma ekran, uchta kamera, Dimensity 1000+ chipiga ega realme X7 Pro Ultra chiqdi

Qayrilma ekran, uchta kamera, Dimensity 1000+ chipiga ega realme X7 Pro Ultra chiqdi

realme kompaniyasi o‘tgan yil sentyabr oyida o‘zining X7 Pro smartfonini (texnik jihatlari) taqdim qilgan edi. Kuni kecha esa qurilmaning Ultra yoki Extreme Edition versiyasi namoyish qilindi.

O‘QING: 12 GB «operativka»li hamyonbop Realme GT Neo flagmani Geekbench’da kuchini ko‘rsatdi

Kutilganidek, yangi smartfon qator texnik jihatlari borasida X7 Pro'dan ustun, biroq, qizig‘i, Ultra/Extreme Edition'ning Pro modeldan kamchilik tomonlari ham bor. Aytish joizki, X7 Pro 120Hz FullHD+ yassi AMOLED ekranga ega. Ultra esa qayrilgan 90Hz ekran bilan jihozlangan. X7 Pro'dagi kameralar soni ham bittaga kamayib, uchta bo‘lib qolgan. Vaholanki, amaliy jihatdan olib qaraganda, kamera borasida bu o‘zgarish unchalik ham sezilarli emas, sababi olib tashlangan kamera 2MP sath kamerasi hisoblanadi. Qoldirilgan uchta modul esa 64MP asosiy, 8MP ultrakeng va 2MP makro kameralardir.

Ijobiy o‘zgarishlarga kelsak, realme X7 Pro Ultra qurilmasi Android 11 asosidagi realme UI 2.0 interfeysida ishlaydi. Smartfonning maksimal xotira konfiguratsiyasi sig‘imi 12/256GBga teng. Agar sizga katta xotira unchalik ahamiyatli bo‘lmasa, 8/128GBlik talqinini sotib olsangiz ham bo‘ladi.

Akkumulyator sig‘imi 4,500 mAs bo‘lgan X7 Pro Ultra 65 Vt da tezkor zaryad oladi. Vazni 170 gramm, qalinligi esa 7.8 mm. Orqa paneldagi «Dare To Leap» yozuvi hajmi kichraygan va kamera modulidan pastga tushirilgan. realme logotipi esa o‘ng tomonga joylangan.

X7 Pro'dan o‘zgarishsiz qolgan jihatlar qatoriga Dimensity 1000+ SoC, 32MP selfi kamera, ekranosti barmoq izi skaneri, USBC porti, stereo karnaylar, Dolby Atmos funksiyasi, VC suyuqlikli sovutish tizimi, NFC va 5G aloqasi kiradi.

realme X7 Pro Ultra ikki rangda sotuvga chiqqan. Qurilmani Xitoyda kompaniyaning rasmiy saytidan hozirdan sotib olsangiz bo‘ladi. 8/128GB model 2,399 CNY (365 dollar) tursa, 12/256GB versiya uchun kompaniya 2,699 CNY (410 dollar) so‘rayapti.

realme X7 Pro Ultra Xitoydan tashqi bozorga chiqish-chiqmasligi haqida hozircha biror gap yo‘q.

O‘QING: 400 dollargacha bo‘lgan smartfonlar: qaysi birini sotib olgan yaxshi?