Quvvat olishda kim tezkor: Samsung, iPhone, Huawei, OPPO yoki Vivo?

Quvvat olishda kim tezkor: Samsung, iPhone, Huawei, OPPO yoki Vivo?

Zamonaviy gadjetlardagi tezkor quvvatlash texnologiyasi foydalanuvchi uchun katta qulaylik. Shu sababli ham, aksariyat ishlab chiqaruvchilar qimmat va o‘rta narxli smartfon modellariga tez quvvat olish funksiyasini joriy qilishmoqda. Misol uchun, Xitoyning Meizu kompaniyasi joriy yil yakuniga qadar o‘zining Super mCharge texnologiyasiga ega ilk smartfonini namoyish qiladi. Bu texnologiya bilan ta’minlangan smartfon 20 daqiqa ichida to‘liq quvvat olish imkoniga ega. Hozircha, ilg‘or flagmanlar uchun ham bu qobiliyat shunchaki orzu.

Samsung, Huawei, OPPO, Vivo kabi smartfon brendlariga tezkor quvvat olish texnologiyasi o‘rnatilgan bir paytda, zamonaviy iPhone telefonlarida bu jihatning yo‘qligi ko‘pchilik uchun hayratlanarli.

Quyidagi testda 4 ta brendning bosh modellari, ya’ni Samsung Galaxy C9 Pro, Huawei Mate 9, OPPO R9 Plus hamda Vivo X9 Plus tanlab olindi. Ularning barchasida akkumulyator sig‘imi 4000 mA soat. Ular bilan birga, iPhone 7 Plus’dagi an’anaviy quvvatlash tizimini ham sinab ko‘rishga qaror qildik. Uning batareya sig‘imi 2910 mA soat.

Shunday qilib, biz sinovni boshlashdan avval telefon akkumulyatorlarini to‘liq quvvatsizlantirdik. Quvvat olishni boshlaganidan 5 daqiqa o‘tib, OPPO R9S Plus zaryadi 8%ga yetdi. Bu vaqt ichida Huawei Mate 9 — 10%, Samsung Galaxy C9 Pro — 7%, Vivo X9 Plus — 9%, va Apple iPhone 7 Plus — bor yo‘g‘i 4% quvvat to‘play oldi. 30 daqiqa o‘tgandan so‘ng esa, Huawei Mate 9 56 foiz quvvat to‘plab, hanuz yetakchilik qilar, uning raqiblari OPPO R9S Plus va Vivo X9 Plus bir xil 49%, Samsung Galaxy C9 Pro — 36%, Apple iPhone 7 Plus — endigina 19% quvvat olgan edi.

Oradan bir soat o‘tib yetakchi uchlik, ya’ni Mate 9, R9 Plus va X9 Plus bir xil natija ko‘rsatib, 90% quvvat to‘plashga muvaffaq bo‘ldi. Ulardan keyinga qolgan Samsung Galaxy C9 Pro akkumulyatori hattoki 70% ham quvvat olmagan edi. Apple ayfoni esa bu vaqtda endigina 40% quvvat to‘plashga erishdi.
Bir yarim soatdan so‘ng faqatgina Huawei Mate 9 quvvatini to‘liq to‘ldirib bo‘ldi. Bu vaqtda OPPO R9 Plus hamda Vivo X9 Plus 98% zaryad to‘plashdi. Samsung Galaxy C9 Pro 95%, iPhone 7 Plus esa 57% quvvat to‘plagan edi.

Shunday qilib, tezkor quvvatlash texnologiyasiga ega smartfonlar o‘rtacha 150 minut oralig‘ida to‘liq quvvat olishga muvaffaq bo‘ldilar. Apple esa bu vaqt ichida akkumulyatorining 69%ini quvvatga to‘ldirdi. Unga to‘liq quvvat olishi uchun 3 soat 10 minut (190 minut) kerak bo‘ldi.

Natijalar yaqqol namoyon: Huawei Mate 9 imtihonning mutloq g‘olibi bo‘ldi. Tezkor quvvatlash tizimiga ega qolgan smartfonlar bilan farq u darajada katta emas. Apple iPhone 7 Plus esa bu testimizda mag‘lub bo‘ldi.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!