Rasmiy xabar: benchmarklar yangi iPhone'larning protsessoriga baho berishdi

Rasmiy xabar: benchmarklar yangi iPhone'larning protsessoriga baho berishdi

Ochiqchasiga aytish kerakki, iPhone samarador platforma bo‘yicha etalonga aylanib bo‘lgan devays. Biroq, innovatsiya borasida android ishlab chiqaruvchilari peshqadam. Bu mavzuni uzoq va to‘xtovsiz muhokama qilish mumkin. Ayniqsa, yangi iPhone'da biror bir "inqilobiy" yoki tayindi ilg‘or jihatning yo‘qligini Android muxlislari allaqachon baralla aytib ulgurishdi. Biroq, silliq va ravon ishlaydigan tizim yaratishda hozircha Apple'ning oldiga tushadigani yo‘q. A11 chipiga ega yangi ayfonlar bu borada yana peshqadamlikni qo‘lga kiritishdi.

Apple iPhone 8, iPhone 8 Plus va iPhone X'dagi 6 yadroli Apple A11 Bionic rasman GeekBench sinov resursida imtihondan o‘tdi. Unga ko‘ra, bu chip bir yadroda ishlash bo‘yicha 4141 ball, bir vaqtning o‘zida bir nechta yadroda ishlashda 10 438 ball to‘plagan.

Bu borada iPhone 8 va iPhone X'ga yaqin turgan raqib hamda android smartfonlar yetakchisi – bu Samsung Galaxy S8 flagmani. U Exynos 8895 protsessoriga ega bo‘lgan. Bu chip bir yadroli ishlashda 1900 ball hamda ko‘p, ya’ni o‘zidagi 8 yadroda ishlashda 6500 ball to‘plagan. Farq -- sezilarli darajada.

Mobil aloqa vositalari platformasining samaradorligini baholaydigan AnTuTu benchmarki ham rasman A11 Bionic protsessori bazasidagi iPhone smartfonlarining imtihonda qancha ball to‘plaganini ma’lum qildi.

Ochig‘i, bu natijalar ham taassurotli. Unga ko‘ra A11 Bionic chipseti 226 058 ball to‘plagan! Bu mazkur benchmarkda Android-qurilmalari orasida eng samarali ishlaydigan, deb topilgan OnePlus 5'ning natijasidan deyarli 25% yuqori.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!