Realme'ning yangi smartfonlari Xiaomi 13 Ultra'ga o'xshab ketadi

Realme'ning yangi smartfonlari Xiaomi 13 Ultra'ga o'xshab ketadi

Realme 10 seriyasi davomchilari, Realme 11 smartfonlari rasman keyin oy taqdim qilinishi kutilmoqda. Bo'lajak flagmanlar taqdimotiga yaqin ularning tizer suratlari va renderlari Internetda tarqalib ketdi.

Taniqli insayder, Ice Universe o'zining Weibo ijtimoiy tarmog'idagi sahifasida Realme seriyasidagi smartfon tizer suratni ulashdi. Rasmda "realme" yozuvi tushirilgan, yumaloq kamerali yashil charm bilan qoplangan smartfonni ko'rishingiz mumkin. Bir qarashda u yaqinda taqdim qilingan Xiaomi 13 Ultra'ni eslatib yuboradi.

Ehtimol, bu Realme 11 Pro yoki Pro+ modeli bo'lishi mumkin, chunki boshlang'ich Realme 11 modelining o'zi shu kunlarda Xitoyning TENAA sertifikatlari bazasida paydo bo'lgan va unda bo'lajak smartfoni dizayni oshkor bo'lgan.

Realme 11 ham yuqoridagi tizer suratdagi smartfon kabi yumaloq kamera oroliga ega, lekin uning "realme" yozuvi smartfon orqa tomonining o'rta liniyasiga tushirilgan. Renderga qaraganda oddiy model orqa tomonda ikkita kameralarga ega bo'ladi. Smartfonning old tomondagi selfi kamerasi esa ekran chap yuqori burchagida joylashgan.

Realme 11

Avvalroq esa Realme 11 Pro+ modeli 200 megapikselli asosiy, 8 MP ultra-keng va yana bir 2 MP kamera sensorlari bilan jihozlanishi uning TENAA sertifikatidan ma'lum bo'lgan edi. Undan bir pog'ona pastki model, Realme 11 Pro esa 108 megapikselli asosiy kameraga ega bo'lishi mumkin. Ikkala Pro modellar ham yon tomonlari egilgan 6.7 dyuymli 120 gerts yangilanish tezligiga ega OLED displeyga ega bo'lishi, ularning 5000 mA/soat batareyalari modelga qarab 67 Vt va 80-100 Vt tezlikda quvvatlanishi kutilmoqda. Qurilmalar MediaTek'ning yangi Dimensity 7000 seriyasidagi chipset bilan jihozlanishi ehtimol mavjud.

Realme 11 seriyasi rasman may oyida taqdim qilinishi kutilmoqda.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.