Redmi 6'dagi muhim jihatni Xiaomi rad etdi

Redmi 6'dagi muhim jihatni Xiaomi rad etdi

Xiaomi ertaga o‘zining navbatdagi matbuot tadbirini tashkil qiladi hamda uning doirasida hamyonbop Redmi 6 modeli taqdim qilinadi. Shuningdek. tadbirda ma’lum va mashhur "Redmi" turkumiga mansub ushbu gadjetning yanada sodda "Redmi 6A" hamda takomillashgan "Plus" talqinlari namoyish qilinadi.

So‘nggi kunlarda insayderlar mazkur modellarning iPhone X'niki kabi ekran usti kesig‘iga ega bo‘lishini yozishgan edi. Bu boradagi fikr-mulohazalar, tanqidlar qisqa fursat ichida juda "bolalab" ketdi. Buning bosh sababi TENAA resursida e’lon qilingan va ekranida kesig‘i bor smartfon aks etgan rasmiy surat bo‘ldi.

Bugun kompaniya asoschilaridan biri, kompaniya prezidenti Li Bin ushbu muhokamalarga nuqta qo‘ydi. Natijada, Xiaomi Redmi 6 modeli ekrani ustida kesig‘i bo‘lmasligi rasman ma’lum qilindi.

Xiaomi top-menejeri o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida kutilayotgan smartfonning tizer suratini e’lon qildi. Aksariyat muxlislar xohlaganliklari kabi, suratdagi Redmi 6 displeyining ustida kesiq yo‘q. Aftidan, bir muddat avval Xitoyda telekommunikatsiya mahsulotlarini ro‘yxatga oluvchi rasmiy TENAA resursida ro‘yxatdan o‘tkazilgan surat Redmi 6A modeliga tegishli ekan. Uning displeyi ustida taniqli kesiq mavjud.

Kompaniya rahbari e’lon qilgan suratga ko‘ra, yangi hamyonbop devaysning ekranida kesiq yo‘q, ekran atrofidagi romlari "ultra yupqa" emas. Biroq bu ekran cho‘zinchoq hamda ekran ustidagi va ostidagi bo‘shliqlar simmetrik ravishda ishlangan.

Hozircha taqdimotgacha bor. Insayderlar esa yangi ma’lumotlarni e’lon qilishdan to‘xtaganlari yo‘q. Ma’lumotlarga ko‘ra, Xiaomi Redmi 6 modeli yangi Helio P22 chipida ishlashi mumkin. 8 ta hisobchi yadroga ega bu devaysning chastota intervali 2,0 GGs. Smartfonning qo‘sh sensorli bosh kameraga, Android 8.1 Oreo'ning o‘zlashtirilgan MIUI 10 tizimiga ega bo‘lishi kutilmoqda.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!