Rentgenda ham ko‘rinmaydigan kariyesni aniqlovchi innovatsion texnologiyalar O‘zbekistonda qo‘llanmoqda!

  •   DiMaX
  •  981
  •  10.04.2019 11:04

Rentgenda ham ko‘rinmaydigan kariyesni aniqlovchi innovatsion texnologiyalar O‘zbekistonda qo‘llanmoqda!

Innovatsion rivojlanish vazirligi mutaxassislari Toshkent Davlat stomatologiya instituti bilan hamkorlikda Jizzax viloyati Forish tumanida joylashgan maktabgacha ta’lim muassasalarida yangi texnologiyani joriy qilmoqda. Bu – tishlarning tozalik darajasini aniqlaydigan, kariyesni rentgen tasviri orqali ham bilib bo‘lmaydigan davrida ham aniqlash imkonini beruvchi ilg‘or texnologiyadir, deyiladi vazirlik saytidagi xabarda.

O‘QING: Jizzaxda xavfsizlik skanerlari ishlab chiqaruvchi korxona quriladi

Sog‘liqni saqlash sohasiga innovatsiyalarni joriy etish orqali aholi salomatligini saqlash va kasalliklarni profilaktika qilish bugungi kunda rivojlanib bormoqda. Rivojlangan davlatlar aholisi kasallikka chalinmaslik uchun jon kuydirishi oqibatida tish kariyesi aholining bor-yo‘g‘i 30-35 foizida uchrashi aniqlangan. Biroq hozirda O‘zbekiston aholisining 95 foizida, boshqacha aytganda, deyarli barcha yosh qatlamlarida tish kariyesi uchraydi.

Shunday ekan, tish kariyesi, uning asoratlari hamda milk kasalliklarining oldini olish usullarini bolalar va ularning ota-onalari orasida keng targ‘ib qilish, ularning stomatologik bilimlari va o‘z tishlarini tozalashga bo‘lgan rag‘batini oshirish muhim omil hisoblanadi. Shu munosabat bilan QLF (Quantitative light fluorescence – miqdoriy nur fluorossensiyasi) texnologiyasiga asoslangan Qscan uskunasi tishlarning tozalik darajasini aniqlovchi qurilma bo‘lib, u tishlarga yopishib qolgan, ammo ko‘z bilan ko‘rib bo‘lmaydigan ovqat qoldiqlarini, uning tarkibidagi bakteriyalar ajratayotgan zararli moddalarni aniqlab, uni qizil rangda ko‘rsata oladi. Bunda tishlarda yopishib qolgan karashlarni ko‘rgan bolalar yoki ularning ota-onalarida tishlarini to‘g‘ri tozalashga, tish kasalliklari va ularning asoratlari paydo bo‘lmasdan avval stomatologga murojaat qilishiga rag‘bati oshib boradi.

Dastlabki harakatlar Jizzax viloyatidagi Forish tumanida joylashgan maktabgacha ta’lim muassasalarida (MTM) boshlandi. Bunda MTM tarbiyalanuvchilariga va ularning ota-onalariga og‘iz bo‘shlig‘ining gigiyenik qoidalari o‘rgatildi, tishlarni to‘g‘ri tozalashda ular tomonidan yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar ko‘rsatib o‘tildi, tish kariyesi va uning asoratlari tufayli kelib chiqadigan kasalliklar haqida ko‘rgazmali fotosuratlar taqdim etildi hamda kerakli ma’lumotlar berildi. So‘ngra joriy qilinishi boshlangan qurilma orqali bolalarning tishlari tekshirib ko‘rildi. Ushbu ko‘rgazmali dastur yig‘ilganlarda katta qiziqish uyg‘otish bilan birga, o‘z sog‘lig‘iga befarq bo‘lmaslikka, ota-onalar o‘z bolalarini sog‘lom bo‘lib voyaga yetishi uchun hozirdan harakat qilishga zamin yaratdi.

Mazkur ko‘rgazmali dastur Forish tumanida joylashgan barcha maktabgacha ta’lim muassasalarida doimiy ravishda amalga oshirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kungacha 2 ta MTM dagi 150 nafardan ortiq bolalar gigiyenik tekshiruvdan o‘tdi, deyiladi xabarda.

O‘QING: LG kompaniyasi Jizzaxda 40 million dollarlik qanday loyiha amalga oshirmoqchi?

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!