Reuters bir dona iPhone X qanchaga tushishini aytdi

Reuters bir dona iPhone X qanchaga tushishini aytdi

TechInsights nashri iPhone X flagmanining detallarini sochib tashladi va Apple'ning yangi flagmanini yaqindan tomosha qilib, uning tannarxini hamda nega undan olinadigan daromad iPhone 8'nikidan yuqori ekanini aniqlashga urindi.

Shu yilning 3 noyabridan jahon smartfon bozorida sotuvga chiqarilgan iPhone X Apple tarixidagi eng qimmat smartfonga aylandi. Uning bozordagi chakana narxi soliqni hisobga olmaganda, 999 dollarni tashkil qiladi.

Reuters agentligiga ko‘ra, yangi "bayroqdor" gadjetni ishlab chiqarish kompaniyaga 357,50 dollarga tushadi. Shunday bo‘ladigan bo‘lsa, har bir sotilgan yangi ayfon bahosining 64% qismi Apple'ga foydaga qoladi. Taqqoslash uchun aytamiz, iPhone 8'ning chakana bahosi — 699 dollar, uning har bir donasidan olinadigan yalpi daromad esa narxining 59% ini tashkil qiladi.

iPhone X'ni tarkibiy qismlarga bo‘lib tashlaydigan bo‘lsak, quyidagicha holatni ko‘ramiz: eng qimmat detal -- 5,8 dyuymli OLED-displeyning har birini Apple 65,50 dollardan xarid qiladi. Suyuq kristalli 4,7 dyuymli iPhone 8 ekrani esa ayfon ishlab chiqaruvchisiga 36 dollardan tushadi — iPhone X'dan deyarli 2 barobar arzon.

iPhone X'ning po‘lat romlari uchun Apple 36 dollar sarflasa, iPhone 8'ning alyuminiy korpusi 21,50 dollarga tushadi. Ko‘rib turibsizki, iPhone X'ga qo‘yilgan narx insofdan tashqaridagidek taassurot qoldiradi.

Korporatsiya rahbari Tim Kuk iPhone X'ning nega bu qadar qimmat ekaniga to‘xtalar ekan, bu flagman eng ilg‘or texnologiyalar bilan ta’minlanganiga urg‘u beradi.

Aytish joizki, 357,50 dollar — flagmanni tayyorlash uchun zarur butlovchi qismlar uchun ketadigan xarajat. iPhone X'dagi texnologiyalar, jumladan operatsion tizim, dasturiy ta’minot va dizayn uchun yillar davomida tadqiqot va izlanishlarga katta mablag‘ sarflanadi.