Romsiz Huawei P20 Lite’ning har tomonlama «jonli» suratlari va videosi tarqaldi

  •   DiMaX
  •  2129
  •  10.02.2018 12:25

Romsiz Huawei P20 Lite’ning har tomonlama «jonli» suratlari va videosi tarqaldi

Huawei kompaniyasi 27 martda Parijda bo‘lib o‘tadigan matbuot anjumanida o‘zining navbatdagi – P20 turkumiga mansub smartfonlarini namoyish etmoqchi ekanidan xabaringiz bor. Bu turkumga Huawei P20, P20 Plus hamda P20 Lite modellari kirishi haqida ham yozganmiz.

O‘QING: Huawei P20’lar taqdimotiga taklifnoma tarqatyapti – unda P20’larning uch modulli ekaniga shama qilgan

Mazkur uchta smartfondan ikkitasi uchta ob’yektivli asosiy kameraga ega bo‘lsa, «kichik» talqin hisoblanmish P20 Lite modelining bosh kamerasi «atigi» ikkita modulga ega. Buni kuni kecha insayderlar tarqatgan «jonli» rasmlar ham tasdiqlaydi.

Keling, avval taniqli insayder OneLeaks e’lon qilgan videoni tomosha qilsak – unda Huawei P20 Lite render-renderi har tomonidan ko‘rsatilgan:

Yuqoridagi videorolikdan so‘ng, turli manbalardan Huawei P20 Lite haqidagi boshqa ma’lumotlar, jumladan, uning turli tomonlaridan olingan «jonli» suratlari ham «sizib» chiqa boshladi. Shular evaziga biz endi xitoylik yetakchi smartfonsozning ushbu mahsuloti haqida yetarlicha tasavvurga ega bo‘lishimiz mumkin.

O‘QING: Huawei P20 – dunyodagi eng qudratli fantastik smartfon bo‘ladi

Aytish kerakki, ushbu model kupertinoliklarning iPhone X superflagmanida qo‘llangan dizaynerlik yechimlaridan ayrimlarini o‘zlashtirgan. Masalan, displeyning tepa qismida old kamera hamda so‘zlashuv dinamigi uchun ochilgan «o‘yiq» bor, shuningdek, orqa paneldagi qo‘shaloq kameraning joylashuvi ham yubiley ayfonidagi bilan bir xil. Faqat Huawei negadir ekranning pastida ancha enli rom qoldirgan.

Korpusning orqa tomonida, qo‘shaloq kamera va uning modullari ostidagi fotochaqnoqdan tashqari, barmoq izi skaneriga ham o‘rin ajratilgan.

Smartfon korpusining pastki qirrasida zamonaviy USB Type-C porti hamda an’anaviy 3,5 millimetrlik quloqchin tirqishi mavjud. O‘ng tomon qirradan esa qurilmani yoqish-o‘chirish hamda ovozni balandlatish-pastlatish tugmachalari o‘rin olgan.

Xabarlarga ko‘ra, Huawei P20 Lite tomonlari o‘zaro 18:9 nisbatda bo‘lgan 5,8 dyuymlik ekran bilan jihozlangan, displeyining aniqligi esa 2280x1080 pikselga teng. Unga Kirin 970 protsessori, 4 GB tezeor va 32 GB doimiy xotira, 3000 mA/soat sig‘imli akkumulyator qo‘yilgan. Smartfon Android 8.0 Oreo operatsion tizim talqini boshqaruvi ostida ishlaydi.

E’tibor bering: yuqoridagi video, rasmlar va ma’lumotlar hali Huawei P20 smartfonlarining Lite-versiyasiga tegishli. Shunday ekan, uning bazaviy va «katta» – P20 Plus talqinlari qanday bo‘lishini tasavvur qilavering...

O‘QING: Huawei muxlislari uchun yoqimli sovg‘a tayyorlandi

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!