Roskomnadzor videoluqmasi: Telegram 9 oktyabrdan yopiladi!

  •   DiMaX
  •  2956
  •  07.10.2017 10:42

Roskomnadzor videoluqmasi: Telegram 9 oktyabrdan yopiladi!

Rossiyaning Aloqa, axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiyalar sohasi nazorati bo‘yicha federal xizmati – Roskomnadzor mamlakatda 9 oktyabrdan Telegram messenjeri yopilishiga shama qildi. U bu haqdagi videorolikni o‘zining Twitter hamda Vkontakte tarmoqlaridagi rasmiy akkaunti orqali e’lon qilgan.

Ushbu postda quyidagi yozuv bitilgan: «Bu kimgadir yoqmasligini biz bilamiz. Shuning uchun bu haqda bolalardan bilib olganingiz yaxshiroq». Postdagi videolavhada bolalar gapirib turgani tasvirlangan turli memlar ketma-ket qo‘yiladi. Shular orasida 404-xatolik haqidagi surat ko‘rsatiladi va oxirida bitta bola yakuniy so‘zni aytadi: «Qochinglar, imkoningiz borida qochib qolinglar». Ortidan bunga biroz aniqlik kirituvchi quyidagi matn yozilgan: «Roskomnadzor rasmiy hamjamiyatida 09.10.2017 sanasini kuting. Judayam oz vaqt qoldi».

Roskomnadzor bu bilan nima demoqchi ekanligi aniq emas. Biroq eng haqiqatga yaqin versiya shuki, 9 oktyabr kuni Rossiya hududida Telegram messenjeri bloklanadi.

Eslatib o‘tamiz, Roskomnadzor Telegram jamoasini va shaxsan uning asoschisi Pavel Durovni mamlakat qonunchiligi talablarini bajarishga va tegishli reyestrga kiritish uchun ma’lumotlarni taqdim etishga bir necha marta chaqirgan. Rad etish holatida messenjerni bloklash bilan tahdid qilgan. Eronda esa, «IShIDchilar Telegram’dan foydalangani uchun» hukumat Durovga qarshi jinoiy ish ochgan. Durov bo‘lsa, Rossiya va Eron hukumatlarining talablari haqida fikr bildirayotib, o‘z kompaniyasiga bosim o‘tkazishga uringan mamlakatlarda biznesini tugatishga tayyor ekanini ma’lum qilgan.

Nima bo‘lganda ham, Roskomnadzorning ushbu videoluqmasida nazarda tutilgan sanaga juda oz vaqt qoldi. Mazkur voqealardan birinchilar qatorida xabar topish uchun bizdan uzoqlashmang.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.