Rossiya bozorida bu iPhone Galaxy'lardan birini "yer tishlatdi"

Rossiya bozorida bu iPhone Galaxy'lardan birini

Rossiya ommaviy axborot vositalarining smartfon savdosi bilan shug‘ullanuvchi riteylerlarga hamda Rossiya gadjetlar bozorini o‘rganuvchi Mobile Research Group kompaniyasiga asoslanib xabar berishlaricha, iPhone SE'ning 32 Gbayt xotiraga ega talqini Rossiyada 2017 yilning avgust-sentyabr oylarida eng yaxshi sotilgan smartfon modeli bo‘lgan.

2017 yilning fevralidan iyuliga qadar rossiyaliklar tomonidan Samsung Galaxy J1 (quyidagi suratda keltirilgan) eng ko‘p xarid qilingan edi. Birgina iyulda bu smartfon modeli 126 ming dona sotilgan bo‘lsa, iPhone SE mazkur muddatda 120 ming dona sotilgan. So‘ngra vaziyat o‘zgardi: avgustga kelib Samsung Galaxy J1 savdo sur’ati pasaydi va iPhone SE peshqadamlikni qo‘lga kiritgan.

Jumladan, avgust oyida J1 modeli 104 mingta sotilgan bo‘lsa, SE modelidan 124 mingta xarid qilingan. Sentyabrda esa koreyalik ishlab chiqaruvchining gadjetidan 90 mingta, amerikalik ishlab chiqaruvchining gadjetidan 119 mingta xarid qilingan.

Gap shundaki, Apple kompaniyasi 4 dyuymli iPhone SE smartfonining eng kichik talqinida o‘rnatilgan doimiy ichki xotira sig‘imini 16 gigabaytdan 32 GB.ga oshirishga qaror qildi. Shu bilan birga, narx borasida ham katta o‘zgarish yuz bergan edi.

iPhone SE Apple kompaniyasining eng arzon smartfoniga aylandi. 2017 yilning avgust oyiga kelib shu vaqtga qadar $399 dollardan sotilgan eng arzon talqin 50 dollarga arzonlashdi. Natijada, 32 GB talqin $349, 128 GB talqin $449 dollardan sotila boshlandi.

Dizaynini iPhone 5'dan "meros" olgan bo‘lsa ham, texnik jihatdan iPhone 6S bilan bahsga kirishadi va ilg‘or A9 protsessoriga ega. "Kichkina demang bizni", deganlariday bu ayfonning afzalliklari ko‘p. Hatto, iPhone X mahrum bo‘lgan "Touch ID" tugmasi ham bor.

2016 yilning mart oyida taqdim qilingan iPhone SE alyuminiydan ishlangan metall korpusi, HD-kamera, barmoq izlari skaneri, Siri virtual yordamchisi, 3D Touch texnologiyasiga ega bo‘lmasa ham, tezkor va xavfsiz faoliyati bilan ko‘pchilikni o‘ziga maftun qilgan.

“Malika” savdo markazida ayni paytda iPhone SE’ning bazaviy, ya’ni 32 GB talqini 2 583 000 so‘mdan, 64 GB talqin 3 403 000 so‘mdan sotilmoqda.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.