Rossiya tijorat banki rahbari xakerlar o‘g‘irlagan 35 mln rublni bepisandlik bilan e’lon qildi

Rossiya tijorat banki rahbari xakerlar o‘g‘irlagan 35 mln rublni bepisandlik bilan e’lon qildi

Joriy yil avvalidan e’tiboran xakerlar VTB bankidan 35 million rubl o‘g‘irlaganlar, ayni paytda, VTB banki rahbari Andrey Kostinning so‘zlariga ko‘ra,  yil sayin bankning yo‘qotishlari hajmi kamayib bormoqda.

Rambler News Service agentligi A.Kostindan quyidagi iqtibosni keltiradi: “Menimcha, bu yil 35 million (rubl o‘g‘irlashdi)”. “Interfaks” esa Andrey Kostinning ushbu so‘zlarini keltirib o‘tadi: “O‘g‘irlangan pullar hajmi yil sayin kamayib boryapti. Bu bizga jiddiy zarar keltirayotgani yo‘q, biroq bunday holat tahdidlar yo‘q degani emas. Bu borada harakat va urinishlar kuzatilyapti”.

Hozirda moliyaviy sektorda “kiberjinoyat to‘lqini” faollashgani kuzatilmoqda. Bu esa unga qarshi kurash choralarini kuchaytirishni talab qiladi, – deya qo‘yimcha qilgan Kostin. “Biz zamonaviy vositalar, texnologiyalar yordamida pullarni o‘g‘irlashga qaratilgan kiberjinoyat to‘lqini bilan to‘qnash kelyapmiz. Shuning uchun vazifamiz o‘ta dolzarb, jinoyatlarning hajmi va soni keskin oshib bormoqda” (RIA “Novosti”dan iqtibos).

VTB banki rahbari so‘zlariga ko‘ra, istiqboldagi faoliyat strategiyasi yo‘nalishlari belgilab olingan. Birinchi yo‘nalish ¬– “Kiberjinoyatchilikka qarshi kurashda yagona standartlar, yagona yondashuvlar va texnologiyalar ishlab chiqilishi uchun o‘zida davlat organlari, eng avvalo, Markaziy bank, Aloqa vazirligi, huquq-tartibot organlari va bank tizimini birlashtirgan markazlashgan tizimning zarurligi”.

Ikkinchi yo‘nalish – Rossiyada mavjud qonunchilikni takomillashtirish. “Odamlar bu masalaga bir nojo‘ya qilingan ish deya qarashadi va ko‘p hollarda shartli ravishda jazolanishadi”, – deydi VTB banki rahbari.

“Hatto keng miqyosda foydalaniladigan atamalar ham mavjud emas. Shu sababli bugungi kunda aksariyat hollarda kiberjinoyatchilar javobgarlikka tortilmay qolmoqdalar. Qolaversa, jamoatchilik fikrida ham bu naqadar katta xavf ekani haqida aniq tushuncha shakllanmagan”, – deya qo‘shimcha qilgan Kostin.