Rossiya YouTube'ni bloklash arafasida turibdi

Rossiya YouTube'ni bloklash arafasida turibdi

YouTube videohostingi ayni paytda jahonning videoroliklar tomosha qilinadigan eng yirik xizmati hisoblanadi. Uning kunlik auditoriyasi soni 2 mlrd foydalanuvchidan oshadi. Dunyoning yuzlab mamlakatlarida bu tarmoqdan faol foydalanishadi. 14 dekabrda esa bu ommabop tarmoqning Rossiyada taqiqlanishiga oid ma’lumotlar oshkor bo‘ldi.

Roskomnadzor, ya’ni Rossiyada axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi munosabatlarni, internet-resurslar faoliyatini nazorat qiluvchi tashkilot YouTube rahbariyatiga xat yo‘llab, o‘z talabini bayon qildi. Unga ko‘ra, Rossiya hukumati mamlakat hududida tarmoqdagi «Otkritaya Rossiya» akkaunti zudlik bilan bloklanishi kerak. Buning uchun YouTube tarmog‘i ixtiyorida xatni olganidan boshlab, 1 kun muhlat beriladi. Agar amerikalik kompaniya bu xohishni rad qiladigan bo‘lsa, Rossiya uning o‘zini blokirovka qiladi.

Roskomnadzor mazkur talabni Rossiya Federatsiyasi Bosh prokuraturasining 2017 yil 11 dekabrdagi № 27−31−2017/Id6629−17-son ko‘rsatmasi asosida qo‘ygan. Unda youtube.com'dagi Rossiya qonunlariga zid xatti-harakatlar aniqlangan resurs faoliyatini taqiqlashga oid choralar belgilangan.

O‘qingTOP-8: 2017 yilda Google'da eng ko‘p qidirilgan smartfonlar

YouTube boshqaruvi xatni olgan. Biroq, hozircha biror munosabat bildirmagan. Kecha Roskomnadzor «Otkritaya Rossiya» sahifasini o‘chirib tashlashni so‘rab, Twitter tarmog‘iga ham do‘q-po‘pisa qilgan edi. Bu talab ham hozircha qondirilgani yo‘q.

Ekspertlarning fikricha, YouTube hukumat organining bu talabini bajarmaydi. Vaziyat esa yanada taranglashadi. Natijada, mamlakatdagi eng taniqli videohosting Rossiyada bloklanishi mumkin.

«Otkritaya Rossiya» — Rossiyadagi ijtimoiy harakat bo‘lib, unga 2015 yilda Mixail Xodorkovskiy tomonidan asos solingan. Ayni paytda bu harakat Rossiyada tartibsizlik keltirib chiqarish uchun 1 mln dollardan ziyod mablag‘ sarflagan. Ijtimoiy harakatning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida aholida hukumatga nisbatan norozilik kayfiyatini uyg‘otuvchi turli-tuman ma’lumotlar taqdim qilinmoqda. Bosh prokuratura talabi asosida Roskomnadzor jamiyatning veb-saytini ham yopib qo‘ydi.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!