Rossiyada iPhone 8 savdosi boshlandi: kutilmagan holatlar

  •   DiMaX
  •  2377
  •  29.09.2017 12:44

Rossiyada iPhone 8 savdosi boshlandi: kutilmagan holatlar

Apple’ning sakkizinchi avlod smartfonlari savdosi Rossiyada bugun – 29 sentyabrdan boshlandi. Bu yilgi savdolarda har galgidan boshqacharoq, kutilmagan holatlar yuzaga kelgan, deb yozadi Ferra.ru.

Hech kimga keragi yo‘q!

29 sentyabrga o‘tar tunda Moskvaning Leningrad shossesidagi «Eldorado» tarmoq do‘konlaridan birida yangi iPhone 8 hamda iPhone 8 Plus smartfonlarining savdosi rasman boshlandi. Ayni shu paytda do‘kon xodimlaridan tashqari u yerda bittagina xaridor bo‘lib, u ham boshqa mahsulot – trimmer (elektr ustaraning bir qismi) xarid qilish uchun kelgan edi.

Rasman boshlangan savdo jarayoni qanday ketayotganini ko‘rish va reportaj tayyorlash uchun borgan Ferra.ru sayti muxbiri qo‘lida iPhone 8 Plus mavjud bo‘lib, do‘kon xodimlari unga qiziqib, ishlatib ko‘rishgan. Chunki savdoga qo‘yilgan smartfonlarni o‘zlari ochib ko‘rish imkoniyatiga ega emaslar-da.

Ajab savdolar...

«Navbatdagi o‘rnimni sotaman!»

Qolgan riteylerlarda savdo ertalabki soat 10:00 ga belgilangan. Jumladan, Nikolsk ko‘chasidagi «re:Store» do‘koni oldida 70 kishidan iborat navbat yuzaga kelgan. Qizig‘i – bu navbatda turganlarning ayrimlari chindan ham Apple ixlosmandlari bo‘lsa, boshqalari shunchaki navbatdagi o‘z o‘rnini sotish uchun band qilib turibdi!

Masalan, tungi soat 2:30 da navbatning birinchi o‘rni 40 ming rublga baholangan, ammo uning egasi aytishicha, ertalabgacha bu narx 100 ming rublgacha oshishi mumkin emish. Uning o‘zi 28 sentyabr, tonggi soat sakkizdayoq – ya’ni, savdo boshlanmasidan bir sutkadan ham oshiq vaqt ilgari kelib, navbatni tashkil qilgan.

Navbatda turganlar o‘zlarining ro‘yxatini tuzib olishgan va vaqti-vaqti bilan ularning hammasi shu yerda ekanligini tekshirib turishibdi. Ketib qolganlarni navbatning oxiriga o‘tkazib qo‘yishmoqda.

Narx-navo va imtiyozlar

iPhone 8 va 8 Plus smartfonlari doimiy xotirasining hajmiga qarab ikki xil modifikatsiyada – taqdim etilgan. Rossiyada iPhone 8 modelining eng arzoni 57 ming rubldan boshlanadi. Uning «plyusli» talqini qiymati esa 65 ming rubldan boshlanadi.

Oldingi yillarda, kupertinolik gigantning avvalgi smartfonlari savdosi rosa talash bo‘lgan. Biroq bu yil o‘zgacha holat hukmron, chunki ko‘pchilik bundan keyingi iPhone X modelini kutyapti. Shu bois riteylerlar xaridorlarni qiziqtirish choralarini ham qo‘llashmoqda.

Masalan, yuqorida ta’kidlangan «re:Store» do‘konida kunning birinchi yarmida iPhone 8 xarid qilgan mijozlarga 100 ming rubllik sovg‘a kartochkasi uchun bo‘ladigan sovrinli o‘yinda ishtirok etishni taklif qilishyapti. Mazkur sovg‘a kartochkasini keyin ayni mana shu do‘konda quloqchin va akustika jihozi sotib olishda ishlatish mumkin bo‘ladi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!