Safari brauzeri Edge'ni ortda qoldirib, dunyodagi eng ko'p foydalaniladigan ikkinchi kompyuter brauzerga aylandi

Safari brauzeri Edge'ni ortda qoldirib, dunyodagi eng ko'p foydalaniladigan ikkinchi kompyuter brauzerga aylandi

Microsoft kompaniyasining Edge brauzeri o'tgan yili Apple'ning Safari'sini ortda qoldirib, dunyodagi eng ko'p foydalaniladigan ikkinchi kompyuter brauzeriga aylangan edi. Biroq u faxrli o'rinda uzoq qolmadi – Safari o'z o'rnini qaytarib oldi.

StatCounter platformasidan olingan ma'lumotlarga ko'ra Apple'ning Safari brauzeri joriy yilning aprel oyida 11.87% bozor ulushi bilan Microsoft Edge (11%)ni ortda qoldirgan. Safari endi dunyodagi eng ko'p foydalaniladigan ikkinchi kompyuter brauzeri bo'lsa, Edge xuddi shunday uchinchi brauzer.

Ta'kidlash joizki, Safari brauzeri faqatgina Apple qurilmalarida topiladi yoxud u iPhone, iPad va Mac'larga o'rnatilgan holda keladi.  

Birinchi o'rin esa, shubhasiz, Chrome brauzeriga tegishli – u kompyuterlar uchun brauzerlar bozor ulushining yarmidan ko'pi, aniqrog'i 66.13 foiziga ega.

Dunyo bo'ylab eng ko'p foydalaniladigan kompyuter brauzerlari top beshtaligi quyidagicha:

  1. Chrome – 66.13%
  2. Safari – 11.87%
  3. Edge – 11%
  4. Firefox – 5.65%
  5. Opera – 3.09%

O'zbekistonda eng ko'p foydalaniladigan kompyuter brauzerlari orasida na Safari, na Edge ikkinchi o'rinda turadi. 2023-yil aprel oyi ma'lumotlariga ko'ra ularning o'rnini Rossiyaning Yandex brauzeri 9.21% bozor ulushi bilan band qilgan. Edge brauzeri esa 5.44% bozor ulushi bilan mamlakatimizda eng ko'p foydalaniladigan uchinchi, Safari 2.24% bozor ulushi bilan to'rtinchi kompyuter brauzer hisoblanadi. Mozilla'ning Firefox brauzeri esa 2.19% bozor ulushi bilan top beshlikni yakunlab beradi. Birinchi o'rinmi? Qaysi brauzer ekanligini o'zingiz yaxshi bilasiz (Chrome – 78.38%).

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!