Samsung Apple'ni yana bir nufuzli maqomdan mahrum qildi

Samsung Apple'ni yana bir nufuzli maqomdan mahrum qildi

Samsung Electronics kompaniyasi 2017 yilning so‘nggi choragida, ya’ni aprel-iyun oylarida kutilayotgan daromadi avvalgi yilning shu davriga nisbatan 72% ga oshganini ma’lum qildi. Natijada, koreyalik IT-gigantning bu davr ichidagi umumiy daromadi $12.1 milliardni tashkil qiladi. iPhone ishlab chiqaruvchisi esa mazkur 3 oyda $10.6 milliard dollar daromad ko‘rgan.

The Wall Street Journal iqtisodiy nashrining yozishicha, Samsung mazkur chorakda daromad olish bo‘yicha Apple korporatsiyasini ortda qoldirib, jahonning eng serdaromad texnologik kompaniyasiga aylangan.

Samsung so‘nggi 3 yil ichida daromad ko‘rish bo‘yicha ilk marotaba Apple'ni ortda qoldirdi. Samsung daromadining asosiy manbaasi, ya’ni 60 foizi yarimo‘tkazgichli elementlar hisoblanadi. Shu bilan birga, Galaxy S8 smartfoni va xotira kartalari ham yaxshigina foyda keltiradi. 2016 yilda esa kompaniyaning daromadi Note 7 bilan bog‘liq ko‘ngilsiz voqealar tufayli keskin pasayib ketgan.

Reuters axborot agentigining ma’lum qilishicha, Samsung, shuningdek xotira kartalari bozorida raqibi bo‘lgan Intel kompaniyasini ham ortda qoldirgan.

Shunday bo‘lsa ham, jahonning eng qudratli 49 ta texnologik kompaniyalari, jumladan Microsoft, Alphabet , IBM, Intel, Cisco Systems, Oracle hamda Facebook AQShda joylashganini unutmaslik kerak. Apple faoliyat ko‘lamiga ko‘ra, jahonning 9-raqamli eng yirik biznes sub’yekti.

Eslatib o‘tamiz, bir muddat avval Samsung jahonning 1-raqamli smartfonsoz kompaniyasiga aylanib, amerikalik raqibini ortda qoldirgan edi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!