Samsung Galaxy S8 haqida 8 ta taxmin

Samsung Galaxy S8 haqida 8 ta taxmin

Janubiy Koreya texnologiya giganti tomonidan navbatdagi flagman – Galaxy S8 modelining taqdimotiga hali 4 oy atrofida vaqt bo‘lishiga qaramay, internet tarmog‘idagi ko‘plab yetakchi nashrlarda mazkur flagman to‘g‘risida bir qator taxminlar ilgari surilmoqda. Albatta, bildirilayotgan taxminlarning aksariyati modelning texnik parametrlari bilan bog‘liq. Ba’zi taxminlar, ayniqsa, ancha haqchil ko‘rinmoqda. Keling ular bilan quyida tanishib chiqamiz.

  1. UHD aniqligidagi ekran. Samsung kompaniyasi Galaxy S8 smartfoniga 4K aniqligidagi ekranni tatbiq etishi istisno qilinmayapti. Mazkur aniqlik darajasida 2160 x 3840 piksel jamlanadi. Taqqos uchun Galaxy S7 ekranida 1140 x 2560 piksel mavjud.
  2. VRfunksiyasi. Ba’zi mish-mishlarga ko‘ra, kompaniyaning navbatdagi smartfoni hech qanday tashqi virtual reallik aksessuarlarisiz VR-funksiyasini qo‘llab-quvvatlashi mumkin. Biroq ushbu taxmin biroz haqiqatga yaqin emas. Chunki bu funksiya batareya quvvatini odatdagidan ancha tez sarf etadi.
  3. Gorilla Glass 5. Mutaxassislarning fikricha, Galaxy S8 Gorilla Glass 5 seriyasidagi displey himoyasiga ega bo‘lishi mumkin. Mazkur displey himoya texnologiyasi 2017 yilning boshida Barselonada o‘tkaziladigan MWC-2017 ko‘rgazmasida namoyish etiladi.
  4. 10 nanometrli protsessor. Sammobile nashrida oldinroq chop etilgan axborotga ko‘ra, Galaxy S8 smartfoni 10 nanometrli Exynos 8895 protsessorida ishlashi mumkin. Bunday texnologiyadagi protsessor telefonning unumdorligini bir necha barobar oshiradi.
  5. Mali-G71 grafik adapteri. Yana Sammobile nashrida keltirilgan ma’lumotda yangi flagmanga Mali-G71 grafik adapteri o‘rnatilishi kutilmoqda. Uning takt chastotasi 850 MGsni tashkil qilishi mumkin. Bu grafik adapter Qualcomm Snapdragon 830 protsessorida qo‘llanadigan Adreno chipidan ham kuchli ekanligi tasdiqlangan.
  6. Gidrofob displey. Agar so‘nggi Samsung flagmanlari (Galaxy S7, Galaxy Note7) IP68 standarti bo‘yicha suv va changdan himoyalangan bo‘lsa, navbatdagi flagman supergidrofob displeyga ega bo‘lishi mumkin. Bunday displeylar o‘zidan suyuqlikni itarish qobiliyatiga ega bo‘lib, qurilmani nafaqat suvdan, balki turli kislota va kimyoviy moddalardan ham himoya qiladi.
  7. Naushnik slotining (3,5 mm) olib tashlanishi. Shu yilning sentyabr oyida taqdim etilgan iPhone 7 va iPhone 7 Plus kabi Galaxy S8 modelida ham 3,5 millmetrli naushnik sloti olib tashlanishi mumkin. Buning o‘rniga smartfonga USB Type C texnologiyasi qo‘llaniladi.
  8. Qo‘sh kamera. Ushbu taxmin ancha haqiqatga yaqin. Nega deysizmi? Chunki kompaniya iPhone 7 Plus, Huawei Mate 9, Xiaomi Mi5S Plus kabi flagmanlar bilan kurashish uchun navbatdagi smartfonga ikkita asosiy kamera o‘rnatishi mumkin. Ta’kidlash kerak, Galaxy S7 flagmani kamerasida qo‘llanilgan Dual Pixel texnologiyasi mobil sanoatda katta hodisa bo‘ldi. Agar kompaniya mazkur texnologiyani qo‘sh kameralarga joriy etsa, kamera ishining sifati yanada kuchayadi.

 Yuqoridagi taxminlar internet tarmog‘idagi yetakchi texnologiya nashrlari va oddiy foydalanuvchilarning taxminlari asosida yozilgan. Ularning ba’zilari navbatdagi Samsung flagmaniga tatbiq etilishi mumkin. Ba’zilarining keyinga surilishini ham inkor etib bo‘lmaydi. Nima bo‘lganda ham, Galaxy Note 7 bilan sodir bo‘lgan fiasko natijasida Janubiy Koreya texnologiya giganti xalqaro bozorda ozmi-qo‘pmi o‘z obro‘sini yo‘qotdi. Endi kompaniya o‘ziga tegishli mavqeni qayta tiklash uchun kuchli innovatsiyalarga boy smartfon yaratmasa bo‘lmaydi.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.