Samsung Gear S4 smart-soati Apple Watch’dan har tomonlama ustun bo‘ladi

  •   DiMaX
  •  1809
  •  05.01.2018 10:49

Samsung Gear S4 smart-soati Apple Watch’dan har tomonlama ustun bo‘ladi

O‘tgan 2017 yilda dunyo bo‘yicha xaridorlarning «aqlli» soatlarga qiziqishlari nisbatan susaygan esa-da, Samsung bu gadjet borasida foydalanuvchilarning fikrini ijobiy tomonga o‘zgartirib yuborishga ahd qilgan ko‘rinadi. Shu kunlarda janubiy koreyalik kompaniya olgan patentda uning yangi avlod smart-soati – Gear S4 aks etgan. Bu haqda LetsGoDigital nashri xabar bergan va devaysning ayrim chizmalarini taqdim etgan. Aytish kerakki, bu soatning oldingi «avlod»i 2016 yili taqdim etilgan edi.

O‘QING: IFA – 2016: Samsung Gear S3 Classic va Gear S3 Frontier

Ma’lumotlarga qaraganda, Samsung korporatsiyasining Gear S4 «aqlli» soati uning «ashaddiy raqibi» mahsuloti bo‘lmish Apple Watch Series 3’dan har jihatdan o‘zib ketadi – funksional imkoniyatlaridan tortib avtonom ishlash vaqtigacha.

Samsung Gear S4 uchun olingan patentda tasvirlanishicha, uning jamlanmasida hatto o‘z «aqlli» tasmachasi ham bo‘lishi mumkin! Ya’ni unga qo‘shimcha akkumulyator biriktirilgan bo‘ladi va mazkur tasmachaning ulanishi soatning avtonom ishlash vaqtini deyarli uch barobargacha oshiradi. Shunda uni ikki kunda bir marta quvvatlash ham yetarli bo‘ladi. Bu shundan dalolat beradiki, janubiy koreyalik texnogigantning muhandislari tasmachaga mos keladigan – juda yupqa va qayishqoq batareya yaratishning uddasidan chiqishibdi!

Ta’kidlab o‘tish o‘rinliki, dunyo bo‘yicha smart-soatlar bozorida Samsung ikkinchi o‘rinda borayotgan esa-da, ularning sotilish hajmiga ko‘ra Apple’dan ancha orqada. Umuman taqiluvchi gadjetlar bozorida esa ayni damda janubiy koreyalik korporatsiya atigi beshinchi o‘rinda kelayotir.

O‘QING: Apple qanday gadjetlar bozorida Xiaomi’dan oldinga o‘tib oldi?

Yangi patent ma’lumotlariga ko‘ra, korporatsiyaning Gear S4 devaysiga tatbiq etilgan yangi texnologiyalardan yana biri – displeyning o‘ziga joylangan to‘laqonli barmoq izi skaneri bo‘ladi. Aftidan, mazkur funksiya yordamida foydalanuvchilar Samsung Pay to‘lov tizimi orqali xaridlarni tasdiqlashlari yoki qandaydir maxfiy ma’lumotlarga kirishlari mumkin bo‘ladi.

Mazkur «aqlli» soatning eng muhim yangiliklardan yana biri esa aylanuvchi displey hisoblanadi. Uni burish bilan foydalanuvchi boshqa menyularga kirishi mumkin. Muhandislarning fikricha, bu usul Samsung Gear S4’dan foydalanishni soddalashtiradi. Ammo amalda bu qanchalik foyda berishini hozircha bilish imkoni yo‘q.

Ayrim manbalarga ko‘ra, Samsung o‘zining to‘rtinchi avlod «aqlli» soatini MWC 2018 ko‘rgazmasida, flagman smartfoni – Galaxy S9 bilan birga taqdim etmoqchi. Bu boradagi yangiliklarni biz bilan kuzatib boring.

O‘QING: Shveysariyaliklar Apple Watch’ga javoban «anti-aqlli soat» ishlab chiqarishdi

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!