Samsung navbatdagi «qo‘sh ko‘zli» smartfoni – Galaxy C8’ni taqdim etdi!

  •   DiMaX
  •  2265
  •  08.09.2017 15:11

Samsung navbatdagi «qo‘sh ko‘zli» smartfoni – Galaxy C8’ni taqdim etdi!

Samsung kompaniyasi Xitoyda o‘zining navbatdagi qo‘shaloq ob’yektivli smartfoni – Galaxy C8 modelini taqdim etdi. Bu qurilma haqda kompaniya saytining xitoycha talqinida ma’lumot e’lon qilingan.

Aytish kerakki, smartfonning bosh kamerasini qo‘sh ob’yektivli qilishga Samsung birmuncha kech kirishdi. Ulardan birinchisi Galaxy Note 8 flagmani bo‘lsa, ikkinchisi – bir necha kun avval namoyish etilgan, o‘rta narx toifasidagi Galaxy J7+ modelidir. Bu turdagi uchinchi smartfoni – Galaxy C8’ning 16 megapikselli old kamerasi ham fotochaqnoqqa ega. Orqa panelida esa 13+5 megapikselli qo‘shaloq asosiy kamera bor.


Bir qaraganda, Galaxy C8 gadjetini, aslida, Galaxy J7+ smartfonining xitoycha versiyasi, desayam bo‘ladi. To‘g‘ri, uning xotira opsiyalari nisbatan kengaytirilgan, ammo boshqa jihatlari aytarli farq qilmaydi. Bu smartfon ham metall korpusli, barmoq izi datchigi «Uyga» tugmachasida joylashgan. Gadjet Bixby Home ilovasiga va displeyi «hamisha yoqiq» (Always On Display) funksiyasiga ega. Galaxy C8 modeli 5,5 dyuymlik diagonalga va Full HD (1920 x 1080 pikselli) sifatga ega Super AMOLED-displey bilan jihozlangan.

Ushbu qurilmaga sakkiz yadroli MediaTek Helio P20 protsessori, 3 yoki 4 gigabaytlik tezkor xotira hamda 32 yoki 64 gigabaytlik ichki flesh-xotira o‘rnatilgan. Qo‘shimcha tarzda unga 256 gigabaytgacha sig‘imli microSD karta joylash mumkin.


Smartfonning batareyasi 3000 mA/soat sig‘imga ega. Devays Android 7.1.1 Nougat operatsion tizimi boshqaruvi ostida ishlaydi. Ikkita SIM-kartadan foydalanish imkoni, 4G VoLTE, Wi-Fi (802.11), Bluetooth 4.2 va GPS interfeyslari mavjud. O‘lchamlari 152,4 x 74.7 x 7,9 millimetrni, vazni esa 180 grammni tashkil etadi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!