Samsung’ning «uch ko‘zli» ilk smartfoni – Galaxy A7 (2018) taqdim etildi!

  •   DiMaX
  •  9454
  •  20.09.2018 15:28

Samsung’ning «uch ko‘zli» ilk smartfoni – Galaxy A7 (2018) taqdim etildi!

Huawei kompaniyasining P20 Pro flagmani – bosh kamerasi uchta ob’yektivga ega ilk smartfondir. Samsung esa o‘zgacha yo‘l tutdi – o‘zining flagmaniga emas, balki o‘rta narxli Galaxy A7 (2018) modeliga birinchi bo‘lib shu xususiyatni tatbiq etdi.

O‘QING: Samsung saytida romsiz Galaxy A7 (2018) «qo‘lga tushdi»

Nihoyat, ko‘pchilik kutgan «uchko‘z» Samsung Galaxy A7 rasman taqdim etildi. Samsung’ning mazkur gadjeti bosh kamerasidagi asosiy modul – 24 megapikselli, f/1,7 diafragmali ob’yektivdir. Ikkinchi modul 8 megapikselli va f/2,4 aperturali keng burchakli (120°) sensor hisoblanadi. Uchinchi datchik esa 5 megapikselli va f/2,2 diafragmali bo‘lib, suratga olish sahnalarining chuqurligini tahlil qilishga mas’ul.

Asosiy kameraning ushbu apparat qismlari bir qator dasturiy rejimlar bilan to‘ldirilgan: Live Focus, Selfie Focus, Pro Lightning Mode kabi. Shuningdek, unda Galaxy Note 9 fabletidan o‘zlashtirilgan Scene Optimizer funksiyasi hamda AR Emoji ham mavjud. Kamera «sun’iy idrok» texnologiyasi bilan yanada boyitilgan.

Tabiiyki, Samsung bunday kamerofonda selfi uchun ham ajoyib yechimlar taklif etgan: uning old kamerasi 24 megapikselli, f/2,0 diafragmali ob’yektivga va o‘z fotochaqnog‘iga ham ega!

2018 yilgi Galaxy A7 smartfonining diagonaliga 6 dyuymlik AMOLED-ekrani 2220x1080 pikselli tasvir aniqligiga ega. Bu gadjetning «elektron yuragi» sifatida maksimal 2,2 GGs takt chastotasida ishlovchi sakkiz yadroli protsessor o‘rnatilgan. An’anaga ko‘ra, kompaniya ushbu modelni tezkor va doimiy xotirasining hajmi 4/64, 4/128 va 6/128 gigabaytlik variantlarda chiqaradi.

Galaxy A7 (2018) akkumulyatorining tok sig‘imi 3300 mA/soatga teng. Bu smartfon LTE Cat.6 modemi, ikki diapazonli Wi-Fi adapteri, Bluetooth 5.0 moduli (ayrim variantlari yana NFC moduli) hamda yettita datchik bilan ta’minlangan. Ular orasida daktiloskopik sensorni alohida ta’kidlab o‘tsa arziydi: yaqinda taqdim etilgan Galaxy J6+ modelidagi singari, bu datchik korpusning o‘ng yon qirrasiga – qurilmani o‘chirib-yoqish tugmachasiga joylangan.

Janubiy koreyaliklarning ushbu smartfoni Android 8.0 operatsion tizimi boshqaruvi ostida ishlaydi. Uning korpusi o‘lchamlari 159,8x76,8x7,5 millimetrga teng, vazni esa 168 gramm tosh bosadi. Galaxy A7 (2018) korpus rangiga ko‘ra to‘rt xil: ko‘k, qora, tillarang va pushti tusli variantlarda bozorga taqdim etiladi.

Galaxy A7 (2018) shu kuzning o‘zidayoq Yevropa va Osiyoning ayrim mamlakatlari bozoriga chiqadi. Uning narxi haqida aniq ma’lumot yo‘q, ammo taxminlarga qaraganda, bu model 400 dollarga baholanadi. Kompaniyaning ayrim rusumlardagi smartfonlari esa O‘zbekistonda ham rasmiy kafolati bilan sotilmoqda.

O‘QING: Samsung smartfonlarini Terashop.uz’dan xarid qiling va SD-kartani sovg‘aga oling! (2018 yil 31 avgust)

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!