Samsung o‘ta radikal dizaynni patentlagan ekan

Samsung o‘ta radikal dizaynni patentlagan ekan

Smartfonning old paneliga ilk tirqish o‘rnatilganda, bu ko‘pchilikka yoqmagan edi. Aksariyat odamlar bunday yechim smartfonning simmetriyasiga halal berishi hamda aqlli telefonlar dizayni taraqqiyotiga to‘siq bo‘lishi haqida xavotirlangan edi. Aytish mumkinki, bunday xavotirlar, asosan, qo‘shkamerali selfi moduli tiriqishiga doir. 

Ikkita kameradan tashkil topgan selfi kamera moduli tirqishi hali holva ekan: qariyb bir yil oldin Samsung Koreya intellektual mulk agentligiga patentlash uchun yangicha smartfon dizaynini taqdim qilgan ekan. Ushbu patentning tafsilotlari hozirgina oshkor qilindi, renderlari (yasama tasvirlari) esa LetsGoDigital saytida e’lon qilindi. Patent faqatgina dizaynga oid bo‘lgani uchun, undan istiqboldagi Samsung smartfonlari haqida ko‘p narsa bilib bo‘lmaydi.Patentga ko‘ra, smartfon displeyini maksimal darajada kattalashtirish uchun tirqish displeydan tepaga o‘rnatiladi. Lekin bunday dizaynda chiqarilgan qurilma foydalanuvchilarga qanchalik ma’qul bo‘lishiga qiziqyapmiz. 

Patent tavsifi: joriy dizayn displeyga doir. Bunda ekran paneli smartfonning old tomonini qoplovchi oyna ostida joylashadi. Qoplama oynaning yuqori qismi markazida esa yon tomonlaridan ajralib chiqqan qism bo‘lib, shu yerda kamera, karnay va datchiklar joylashtiriladi. Bu to‘rtburchak ekran ishlab chiqarayotganda displey maksimal darajada katta bo‘lishini ta’minlaydi.

Bu, albatta, displeyni kattalashtirishning eng yaxshi yo‘li emas. Vaholanki, bir necha kompaniya bunday modulga ilgari ham qiziqish bildirganining guvohi bo‘lganmiz. Umid qilamizki, "teskari tirqishli" smartfon yaqin kelajakda ishlab chiqarilmaydi. Shunday bo‘lgan taqdirda esa Samsung'dan bu harakati uchun asosli izoh kutib qolamiz.

O‘QING: Xiaomi misli ko‘rilmagan selfi kamera dizaynini yaratdi

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!