Samsung tanlovida qatnashing – sovrin jamg‘armasi naq 40 000 dollar!

  •   DiMaX
  •  2145
  •  29.06.2019 14:43

Samsung tanlovida qatnashing – sovrin jamg‘armasi naq 40 000 dollar!

Janubiy kompaniyaning yetakchi texnologik kompaniyasi – Samsung hamda Dezeen dizaynerlik jurnali hamkorlikda yangi tanlovni e’lon qildi. Samsung Mobile Design Competition deb nomlanuvchi ushbu konkursda dizaynerlarga jami qirq ming AQSh dollari ajratiladi.

O‘QING: «Youth mobile» tanlovida g‘olib TATU talabasi 12,5 million so‘m mukofot oldi

Qanaqa tanlov ekan o‘zi?

Samsung Mobile Design Competition tanlovi ikki yo‘nalish bo‘yicha o‘tkaziladi: Next Mobile+ hamda Next Mobile Wallpaper.

Birinchisi – Galaxy qurilmalarining aksessuarlari uchun original dizayn bo‘yicha. Masalan, smartfon va planshetlar uchun g‘iloflar; smart-soatlar uchun tasmachalar; quloqchinlar qutichalari va hokazo. Bunda Samsung aksessuarlar dizayni nafaqat chiroyli, balki foydali ham bo‘lishiga, gadjet funksionalligini oshirishga asosiy e’tiborni qaratadi.

Ikkinchi yo‘nalish – nomidan ham anglashilib turganidek, mobil qurilmalar uchun oboylar yaratish tanlovidir. Kompaniya bunda ham original dizayndan tashqari, «gulqog‘oz»larning interfaol va kontekstli bo‘lishini, yuzerlar uchun foydali ma’lumotlarni ham o‘z ichiga olishini asosiy mezon qilib olgan.

Qanday qatnashamiz?

Tanlovda tajribali dizaynerlar, jamoalar va talabalar ishtirok etishlari mumkin.

Next Mobile+ yo‘nalishida qatnashuvchilar aksessuar dizayni faylini yuborishlari kerak bo‘ladi. Bunda konsepsiyaning tavsifi hamda undan qanday foydalanish yo‘riqnomasini ham o‘z ichiga olgan render surat yoki video ham bo‘lishi lozim.

Next Mobile Wallpaper yo‘nalishi ishtirokchilari esa rasm, fayl va APK ko‘rinishidagi loyihani jo‘natishlari talab etiladi. Shuningdek, mazkur loyihada oboyning turli Galaxy qurilmalarida qanday ko‘rinishi va qo‘llanishi (vizualizatsiya), tavsifi ham bo‘lishi kerak.

Muddati qachongacha?

Samsung Mobile Design Competition tanlovi uchun arizalar joriy yilning 4 avgustigacha rasmiy saytda qabul qilinadi. Unda ishtirok etishni xohlovchilar mana bu havola orqali o‘tishlari mumkin.

Hakamlar hay’ati 25 sentyabrga qadar ishtirokchilarning ishlarini baholashadi va g‘oliblarni aniqlashadi. Mukofotlash marosimi 29–30 oktyabr kunlari, AQShning Kaliforniya shtatidagi San-Xose shahrida, dasturchilar uchun Samsung tashkil etayotgan konferensiya doirasida bo‘lib o‘tadi.

Mukofoti zo‘rmi?

Har ikkala yo‘nalish bo‘yicha bittadan g‘olib aniqlanadi va ularning har biri 10 000 AQSh dollari miqdorida bosh sovrinni olishadi. Har bir yo‘nalishda ikkinchi va uchinchi o‘rinlar uchun esa tegishlicha 5 000 va 3 000 dollarlik mukofot ajratilgan. Qolgan finalchilarning har biriga ming AQSh dollaridan mukofot tegadi.

Demak, agar qiziqib qolgan bo‘lsangiz, dizaynerlik borasida yetarlicha tajribangiz va o‘zingizga ishonchingiz bo‘lsa – marhamat: https://www.samsungmobiledesigncompetition.com/ saytida rasman ro‘yxatdan o‘tib, sovrin uchun kurashing!

O‘QING: Xiaomi smartfoningiz bormi? Sovrin jamg‘armasi kamida 50 000 dollarlik tanlovga tayyor turing!